Qashqadaryodagi bog‘chada 3 yoshli bola vafot etdi

3-sahifa

image

Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 3 yoshli bola vafot etdi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot kotibi Dilfuza Sobirova xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, tuman hududidagi “Zafar” MFYda faoliyat yuritgan yakka tartibdagi tadbirkor O.A.ga tegishli oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 3 yoshli tarbiyalanuvchi transport vositasida unutib qoldirilgani sababli vafot etgan.

Mazkur ta’lim tashkiloti rahbariyati va mas’ul xodimlari bolalarni avtotransport vositalarida tashish qoidalari va talablariga qat’iy rioya etish bo‘yicha tegishli tashkilotlar tomonidan doimiy ogohlantirib kelingan, ammo mazkur talab va majburiyatlarga amal qilinmaganligi sababli joriy yilning 4 iyun kuni muassasaga qatnovchi tarbiyalanuvchilardan biri transport vositasida qoldirib ketilgan hamda muassasa xodimlarining sovuqqonligi va e’tiborsizligi oqibatida avtotransport ichida vafot etgan.

Hozirda ushbu holat yuzasidan tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkor O. A. bilan tuzilgan tegishli bitim hujjatlari bekor qilingan. 

“Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi marhuma tarbiyalanuvchining oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi hamda vaziyatga daxldor bo‘lgan barcha mas’ullarga qat’iy chora ko‘rishilishini ma’lum qiladi”, deyiladi xabarda. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy viloyatining Nurota tumanida 14 nafar bolani olib ketayotgan Matiz avtohalokatga uchragandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, mashinada bog‘cha mudirasining turmush o‘rtog‘i va bolalari, jumladan, 3 oylik chaqalog‘i ham bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

bog'cha Qashqadaryo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing