Qashqadaryoda sevgan qizining uyiga borgan yigit pichoqlandi
3-sahifa
−
03 fevral 2021
20226Joriy yilning 30 yanvar kuni Qashqadaryo viloyatida sevgan qizi bilan gaplashib olish uchun uning uyiga borgan yigit, qizning ukasi tomonidan pichoqlandi. Bu haqda Tergov departamenti xabar berdi.
Soat 22:00 larda 22 yoshli Javohir Yu. mast holatda sevgan qizi bilan gaplashib olish maqsadida, Koson tumani “Neko‘z” MFY Tayzan qishlog‘iga tanishi Adham A. bilan birgalikda borgan. Ular qizning uyiga devordan oshish yo‘li bilan kirgan vaqtlarida, qizning ukasi 20 yoshli Bunyod S. hovlida odam sharpasini sezib, oshxonadan ro‘zg‘or pichog‘ini olib chiqqan. Bunyod S.ni ko‘rgan Adham A. hovlining devoridan oshib tushib qochib ketgan.
Hovlining burchagida qolib ketgan Javohir Yu. esa sovchilariga nima sababdan rad javobini berganliklarini aytib, qizning ukasi bilan o‘zaro og‘zaki tortishib qolgan va natijada Bunyod S. qo‘lida bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan Javohir Yu.ning qorin sohasiga urib tan jarohati yetkazgan.
Natijada Bunyod S.ning oila a’zolari Javohir Yu.ga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatib, Qarshi shahrida joylashgan Respublika shoshilinch tez-tibbiy yordam ilmiy markazining viloyat filialiga tez tibbiy yordam mashinasida olib borishgan, ko‘rsatilgan birlamchi tibbiy yordamga qaramasdan Javohir Yu. olgan og‘ir tan jarohatlari oqibatida shifoxonada vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Koson tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Bunyod S.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “D” bandi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Dastlabki tergov jarayonida, Bunyod S. ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinib, unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.