Qashqadaryoda noqonuniy 5 qavatli “dom” qurilayotgani aniqlandi
Jamiyat
−
17 may 2023 8907 1 daqiqa
Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida qurilishi hududiy nazorat inspeksiyasi ro‘yxatidan o‘tkazilmagan 5 qavatli “dom” qurilayotgani aniqlandi. Bu haqda viloyat qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi direktor o‘rinbosari Adham Jo‘rayev QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Qarshi shahri “Beklar” MFY hududida buyurtmachi-pudratchi tashkilot “P.T.” MCHJ tomonidan 5 qavatli binoning qurilishi noqonuniy ravishda amalga oshirilayotgani aniqlangan. Uning birinchi qavati savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, qolgan qavatlari turar-joy binosi sifatida qurilayotgan bo‘lgan.

Shuningdek, ob’ekt qurilishida loyiha-smeta hujjatlariga ekspertiza tashkilotining yig‘ma ijobiy ekspertiza xulosasi olinmagan, ob’ekt qurilishi hududiy nazorat inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tkazilmagan. Bundan tashqari, uning atrofi vaqtinchalik himoya to‘sig‘i bilan o‘ralmagan hamda ishchi xodimlar texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilmagan.
Hozirda ob’ektda aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar barcha turdagi qurilish-montaj ishlari vaqtincha to‘xtatilgan.
Bundan tashqari, mazkur binoning dastlabki qurilish bosqichida ya’ni 2022 yilda hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan tekshiruv o‘tkazilgan va ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentda 3 qavatli bino qurilishi rejalashtirilgan inshootda noqonuniy tartibda qo‘shimcha 9 qavat va mansarda qurgan tadbirkor aniqlangandi.
Nurmuhammad Fayzullayev
Live
Barchasi