Qashqadaryoda Qizil kitobga kirgan 700ga yaqin cho‘l toshbaqasini olib ketayotganlar ushlandi
Jamiyat
−
22 may 2021
9607Kecha, 21 may kuni Qashqadaryo viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi va viloyat IIB YPXX, viloyat o‘simliklar karantin inspeksiyasi, viloyat veterinariya xodimlari bilan hamkorlikda Chiroqchi tumani “Umakay” YPX muntazam maskanida to‘xtatilgan avtomashinada yovvoyi hayvonot dunyosi ob’ekti hisoblangan toshbaqalar tabiiy muhitdan noqonuniy yig‘ib-terib olib ketilayotganligi aniqlandi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Brakonerlar tomonidan viloyatdan noqonuniy ravishda olib chiqib ketilayotgan toshbaqalar bo‘yicha belgilangan tartibda huquqiy ko‘rib chiqish maqsadida tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan. Viloyat atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan tegishli hujjatlarni rasmiylashtirilgan holda ekologik muhofaza hududi hisoblangan Buxoro ixtisoslashtirilgan Jayron pitomnigiga toshbaqalar topshirish uchun jo‘natilgan.
Ma’lumot uchun, ushbu tur O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan bo‘lib, “O‘rta Osiyo cho‘l toshbaqasi” (TORTOISE Agrionemys horsfieldii) hisoblanadi. Noyob endimek tur hisoblangan ushbu toshbaqalar mamlakatimizning barcha adirliklarida uchraydi. Mustahkamlashgan qumlar, sertuproq cho‘llarda yashab, tog‘da dengiz sathidan 1300metr balandlikkacha ko‘tariladi. Ba’zan vodiydagi siyrak maysali dashtlar va qishloq xo‘jaligi yerlari (shudgor, poliz va dalalar) da ham uchraydi.
Arealining salmoqli qismida soni gektariga 1,5 tadan oshmaydi. Qoldiq tog‘larning yonbag‘irlaridagi lokal tekisliklarida gektariga o‘rtacha 11,7 ta, tog‘oldi shag‘alliqumoq tekisliklarda gektariga o‘rtacha 7,63 ta mavjud. Arealining qolgan qismida ushbu tur toshbaqalar kam sonli bo‘lib, gektariga 45,9-67,3 gacha bo‘lgan kichik lokal hududlar ham ma’lum.
Kunduz paytlari faol hayot kechiradi. Iyun oyida yozgi uyquga ketadi, keyinchalik u qishki uyquga ham ulanib ketadi. Uzunligi 1-2 metr bo‘lgan in qaziydi. Mart oyida uyg‘onadi va bir necha kundan so‘ng juftlashadi. Aprel oyidan iyun oyigacha 2-3 marta 2-6 tadan tuxum qo‘yadi. 80-110 kundan so‘ng tuxumdan yorib chiqqan toshbaqachalar qishlash uchun tuproq ostida qoladi. Faqatgina keyingi yilning bahorida yer yuzasiga chiqadi. Hayotining o‘ninchi yilida jinsiy voyaga yetadi. Ular asosan efemer o‘simliklar, ko‘p yillik o‘t va butalar bilan oziqlanadi.
Ikkinchi Jahon urushi davrida O‘rta Osiyo toshbaqasi go‘shtidan ko‘p miqdorda konservalar tayyorlashda foydalanilgan. Toshbaqalarning antropogen omillar ta’sirida yashash joylari o‘zgarishi va yo‘q qilinishi (yaylovlardan chorvachilik maqsadida uzoq yillardan beri haddan tashqari ko‘p foydalanish, qo‘riq yerlarning o‘zlashtirilishi, tijorat (eksport) maqsadida toshbaqalarni ovlash va tuxumlarini terish, jumladan, brakonerlar tomonidan turli noqonuniy maqsadlarda terib olinishi) natijasida ushbu tur kamayib ketmoqda. Manbalarda keltirilishicha, so‘nggi 60 yil mobaynida xo‘jalik faoliyati yuritilishi natijasida toshbaqaning yashash joylari 1,5 million gektarga qisqarib ketgan. Bugungi kunga kelib mazkur turning tabiiy populyatsiyasini saqlab qolish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobining yangi nashriga kiritilgan.
LiveBarchasi