Qashqadaryoda 2-sinf o‘quvchilaridan soliqlarni to‘lab qo‘yish so‘raldi (video)

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda soliq inspeksiyasi xodimlari 2-sinf o‘quvchilaridan soliqlarni to‘lab qo‘yishni talab qilgani tasvirlangan video tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Davlat soliq xizmati organlari munosabat bildirdi.

Videoga ko‘ra, holat Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanidagi 14-maktabda sodir bo‘lgan. 

“Yangi o‘quv yili bilan hammangizni tabriklayman, o‘qishingizga omad. Biz Nishon tuman soliq inspeksiyasidan kelyapmiz. Sizlarga eslatma bu. Hammangiz ota-onangizga olib borasiz. Yashab turgan joyingizning mol-mulk va yer soliqlarini soliq inspeksiyasiga borib, yoki telefonda soliq ilovasidan to‘lashlari kerak. Shuni iltimos qilasizlar. Uy kimning nomida bo‘lsa, borib, hisoblab to‘laydi”, deydi xodim videoda.

Davlat soliq xizmati organlari Qashqadaryo viloyatida joylashgan maktablardan birida bo‘lgan holatni noo‘rin xatti-harakat deb hisoblab, keskin qoraladi. Shuningdek, ushbu xatti-harakatlarni sodir etgan xodimlarga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlandi. Holatni Bolalar ombudsmani ham o‘rganmoqda.

“Maktab o‘quv jarayoni ishtirokchisi bo‘lmagan begona shaxslarning ta’limga oid tartib-qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan holda dars jarayoniga kirib borishi va uni buzishi, bolalarga qandaydir noqonuniy talablar bilan murojaat qilishi – mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holat!” deyiladi Bolalar ombudsmani bayonotida.

Uning qayd etishicha, bolalar o‘z ota-onalarining soliqqa oid majburiyatlari uchun javobgar emas, hech bir holatda ularni bu jarayonga jalb qilish, ogohlantirish mumkin emas.

“Bu bolaning Konstitutsiya va qonun bilan qo‘riqlanadigan huquq va manfaatlariga ziddir. Bunday nojo‘ya harakatlarga yo‘l qo‘ygan mas’ullarga tegishli tarzda chora ko‘rilishi shart”, deyiladi munosabatda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili iyul oyida Ichki ishlar organi xodimlari Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bolalarga tarbiyaviy soat o‘tib, ularga oq-qorani ajratishni o‘rgatgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing