Qarshida “trollar jamoasi”ni tuzishni taklif qilgan talaba hokimlikka ishga olindi (video)
Jamiyat
−
14 dekabr 2022
24305Qashqadaryoda tanqidiy material tarqatadigan blogerlarga qarshi blogerlar jamoasi shakllantirilishi mumkin. Talaba qizning viloyat hokimi Murodjon Azimovga aytgan ushbu taklifi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Foydalanuvchilar yangi tuziladigan guruhni "trollar jamoasi" deb atagan.
Qarshi davlat universiteti talabasi ushbu jamoa Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining viloyat boshqarmasi huzurida tuzilib, har bir tuman oliy ta’lim muassasalarining ko‘ngilli talabalaridan iborat bo‘lishini aytgan.
Uning ta’kidlashicha, yosh blogerlar jamoasini kerakli texnik jihozlar bilan ta’minlash hamda ular uchun muntazam o‘quv-seminarlari tashkil etish lozim.
“Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad nima? Yurtimizda, ayniqsa, Qashqadaryo viloyatida olib borilayotgan ijobiy o‘zgarishlarni xalq ommasiga targ‘ib qilish bo‘lardi. Ayrim qo‘shtirnoq ichidagi blogerlar tomonidan ba’zi bir holatlarda noto‘g‘ri yondashilayotgani viloyatimizning ba’zi joylarida, o‘zingiz aytgandek, bizni xafa qiladigan darajaga yetkazyapti. Biz shunday jamoa shakllantiraylikki, 100 ta oq narsani ko‘rsatmasdan, bitta qora narsani ko‘rsatayotganlar uchun ijobiy javob bersin”, deydi talaba qiz.
Qizning mazkur taklifiga javoban Murodjon Azimov uni viloyat hokimligiga ishga olinishini aytgan.
LiveBarchasi