Qarshida bankomatlar ichidagi pullari bilan yonib ketdi (video)
3-sahifa
−
28 yanvar 2023
16444Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryoda bankomat ichidagi pullari bilan yonayotgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lumot berdi.
Joriy yilning 27 yanvar kuni soat 23:58 da Qarshi shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limiga “Xo‘jaxiyol” mahallasi, “Qarliqbog‘ot” ko‘chasida yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan.
Xabarga ko‘ra, yong‘in sodir bo‘lgan manzilga 2 ta yong‘in-qutqaruv bo‘linmasi 00:05 da yetib borgan va soat taxminan 00:33 larda yong‘in to‘liq o‘chirilgan.
Yong‘indan fuqaro X.B.ga tegishli yengil tipda qurilgan kichik hajmli savdo rastasining 6 metr kv qismi va unga yondosh “Qishloqqurilishbank”ga tegishli bo‘lgan (naqd pul yechish uchun mo‘ljallangan xona) bankomat qurilmasining 4 metr kv maydoni zarar ko‘rgan.
Yong‘in tufayli hech kim vafot etmagan va tan jarohati olmagan. Hozirda yong‘in sababi va zarari aniqlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda Uzcard va Humo to‘lov tizimlarining bankomatlarini integratsiya qilinishi mumkinligi haqida ma’lum qilingandi.