Qarorlari rasmiy kuchga ega bo‘lmagan Yoshlar parlamenti tuziladi
Jamiyat
−
03 iyun 2020
9761Oliy Majlisi Senati huzurida Yoshlar parlamentini tashkil etish bo‘yicha Senat Kengashi qarori hamda maxsus dastur loyihalari ishlab chiqildi. Unga ko‘ra ushbu parlament tomonidan qabul qilingan hujjatlar tavsiyaviy xarakterga ega bo‘ladi. Bu haqda Oliy Majlis Senati matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu loyihaga ko‘ra, Yoshlar parlamenti a’zolari 18 – 30 yosh bo‘lgan fuqarolar orasidan gender tenglik ta’minlangan va jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarni ham jalb qilgan holda jami 100 nafar etib shakllantiriladi.
Bunda xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) Kengashlariga saylangan yoshlar vakillaridan har bir hududdan teng miqdorda 6 nafardan jami 84 nafar va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tavsiyasiga ko‘ra 10 nafar hamda Senatning Yoshlar madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tavsiyasiga binoan 6 nafar yoshlar Senat Kengashi qarori bilan Yoshlar parlamenti a’zoligiga tasdiqlanadi.
Yoshlar parlamenti a’zolari qonun loyihalari muhokamalarida ishtirok etadi. Belgilangan maqsad va vazifalari hamda yo‘nalishlaridan kelib chiqib konferensiya, davra suhbati, seminar, hududlardagi yoshlar bilan uchrashuv va boshqa tadbirlar tashkil qiladi. Yoshlar parlamenti a’zolarining majlisi zaruratga qarab o‘tkaziladi, u Yoshlar parlamenti raisi tomonidan chaqiriladi.
Yoshlar parlamentining har bir a’zosi o‘zi istiqomat qiladigan hudud yoshlariga tegishli muammolarini o‘rganib, sabablarini aniqlab, uni yoshlar o‘rtasida muhokama qiladi. Yoshlar parlamenti yoshlarning manfaatlarini himoya qilish, ularning muammolarini parlament minbariga olib chiqish, qonun ijodkorligida yoshlarning ishtirokini ta’minlash, bo‘lg‘usi Senat a’zolari hamda siyosatchilarni tayyorlash, yoshlarni ulkan maqsad va aniq loyihalarga yo‘naltirib borish kabi vazifalarni bajaradi.
LiveBarchasi