Qariyb to‘rt yil suratga olingan “Baron 2. Sog‘inch” filmining taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Madaniyat-san’at
−
19 avgust 2022
23094Kecha, 18 avgust kuni "Kinochilar uyi"da rejissyor Rustam Sa’diyev tomonidan suratga olingan “Baron 2. Sog‘inch” kinofilmining maxsus taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.
E’tiborli jihati shundaki, film nafaqat O‘zbekiston, balki Rossiya, Turkiya, Misr va Shvetsiya kabi mamlakatlarda suratga olingan.
Yangi filmda o‘zbek kinoyulduzlaridan iborat ajoyib aktyorlar jamoasi jamlangan, jumladan Farhod Mahmudov, Yulduz Rajabova, Dilnoza Kubayeva, Shahzoda Matjonova, Elyor Mahkamov, Javohir Zokirov.
Qolaversa, kartinada rossiyalik aktyorlar Viktor Verjbitskiy, Viktoriya Tolstoganova, Igor Lifanov, Sergey Astaxov, Sergey Solovyov, turkiyalik Kaan Urganjio‘g‘li, Sefa Zengin, Murod Oydin shuningdek, Misr, Suriya, Tojikiston, Qozog‘iston va belaruslik aktyorlar ishtirok etishgan.
Maxsus taqdimotning kirish qismida Kinematografiya agentligi direktori o‘rinbosari Shuhrat Rizayev so‘zga chiqdi. Uning ta’kidlashicha suratga olish jarayonlari o‘z poyoniga yetish arafasida ssenariy o‘zgargan.
“Hali katta taqdimotlar oldinda. Bugungi premeradan keyingi fikrlardan so‘ng kinoga o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin. “Baron 2” filmi qariyb to‘rt yil davomida suratga olindi. Film deyarli yakuniga yaqinlashgan paytda xorijlik hamkorlardan takliflar bo‘ldi. Natijada rejissyorimiz Rustam Sa’diyev ayrim sahnalarni kengaytirish ustida ishlab ssenariyni bir qismini o‘zgartirdi”, dedi Rizayev.
Rejissyor Rustam Sa’diyev bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov tavsiyasi bilan premeradan bir kun avval filmga o‘zgartirish kiritilgan. Ya’ni “Baron 2” filmining Rossiya kinoprokati uchun mo‘ljallangan talqinida film to‘laqonli rus tiliga dublyaj qilingan. O‘zbek tomoshabinlariga tayyorlangan talqinida esa rossiyalik aktyorlar yaratgan obrazlaridagi dialoglari tarjimasiz qoldirilgan. Aynan Firdavs Abduxoliqovning tanqididan so‘ng, bir kunda rus tilidagi barcha dialoglar o‘zbek tilidagi subtitrlar bilan boyitilgan.
Taqdimotda shuningdek, Farhod Mahmudov va Dilnoza Kubayeva singari aktyorlar ishtirok etishdi.
“Baron 2. Sog‘inch” filmi o‘tkir syujetli drama bo‘lib, bir nechta mamlakatlardagi turli taqdirlarni qamrab olgan. Jumladan giyohvandlik, terrorizm, diniy ekstremizm kabi illatlarga qarshi kurash, qolaversa, mard va jasur vatan himoyachilarining tinchlik yo‘lidagi mashaqqatli xizmatlari namoyish etilgan.
Film saundtrekini Hosila Rahimova ijro etgan, saundtrek bastakori Ali Niyozimbetov.
Ma’lumot o‘rnida, “Baron” kinofilmi 2016 yil yanvar oyida kinoteatrlarda namoyish etilgan. Ammo film katta ekranlarga chiqishi bilanoq kinoqaroqchilar qurboniga aylanadi va qora bozordagi DVD disklariga chiqib ketadi. Shunday bo‘lsa-da film O‘zbekistonda yetarli darajada ommalashdi va kino ixlosmandlar e’tiboriga tushdi.
LiveBarchasi