Qariyb 63 ming dollarga platina sotishga uringan shaxs ushlandi
3-sahifa
−
20:29 1614 1 daqiqa
Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida yashovchi shaxs 62 950 dollarga platina sotayotganda qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmati hamda bojxona organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Andijon shahrida yashovchi, 1985 yilda tug‘ilgan shaxs bir nechta kishi ko‘magida “Do‘stlik” xalqaro nazorat o‘tkazish punkti orqali bojxona nazoratini chetlab o‘tgan holda, Qirg‘iz Respublikasidan olib kelingan va qiymati 17 ming AQSH dollariga teng bo‘lgan, jami 162 gr tilla buyumlarni qabul qilib olib, Andijon shahri tomon harakatlangan vaqtida Xo‘jaobod tumanidagi YPX maskanida ushlangan.
So‘ngra, undan Qo‘qon shahrida istiqomat qiluvchi, 1983 yilda tug‘ilgan fuqaro 908 gr platina metalini sotish uchun xaridor izlayotganligi to‘g‘risida ma’lumot olingan.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida ushbu fuqaro qimmatbaho metalni shartli xaridorga 62 950 AQSH dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatining “Vodil-avto” chegara bojxonasida Qirg‘iz Respublikasiga yashirincha oltin quymalarini olib o‘tmoqchi bo‘lgan shaxs ushlangan edi.
Live
Barchasi