Qarindoshlari bilan aloqani uzish, insoniy fazilatdan uzoqlashish demakdir
Foydali
−
27 aprel 2020
5461Muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan tahririyatimizda diniy-ma’rifiy mavzularda mazmunli suhbatlar havola etib borilyapti. Ushbu suhbatlarda Ramazoni sharifning fazilati, insonning yuksak axloqqa erishish yo‘llari, yaxshilik va yomonlik o‘rtasidagi farq va boshqa ko‘plab foydali narsalar haqida so‘z yuritilmoqda. Suhbatdoshimiz Toshkent shahridagi “Xo‘ja Alambardor” jome masjidi imom-xatibi Rahimberdi domla Rahmonov bilan o‘tgan bugungi suhbatimiz silai rahm haqida bo‘ldi.
“Mo‘min odam bu oyda ustozsiz, murabbiysiz o‘zini o‘zi tarbiya qilmoqda. Ro‘zador ro‘zaning talablariga rioya qilib, undagi fazilatlarni hayotiga tadbiq etib, axloqini sayqallaydi. Ana shunday fazilatlar biri bu – silai rahm.
Silai rahm deganda qarindosh-urug‘, yoru do‘stlarga, o‘z atrofidagilarga yaxshi munosabatda bo‘lishlik tushuniladi. Bunga eng haqli insonlar, avvalo, ota-onalarimizdir. Agar otamiz va onamiz barobar kelsalar, insonning silai rahmiga munosib zot uning onasi bo‘ladi. Keyin otasi turadi. Farzandlar, aka-ukalar yoki ota-onaimizning aka-ukalari – amma, tog‘a, xolalar yoki ularning farzandlari yaxshiligimizga, shirinsuxanimizga, ko‘magimizga, madadimizga birichni haqli insonlardir.
Mo‘min odam Allohga iymon keltirsa, jannatdan umidvor bo‘lsa, Rusululloh sallollohu alayhi vasallamning ummatiman desa, qanday ham silai rahm qilmasin. Xalqimiz hayotini olib qaraydigan bo‘lsak, u silai rahm bilan butkul ziynatlanganini ko‘rish mumkin. Ota-bobolarimiz aytadi, bundan yuz yil oldin bizda go‘rkov bo‘lmagan. Qarindosh-urug‘ning o‘zi, yoshlar, yigitlar qabr kavlashgan. Mayitni yuvuvchi, shu ishga moslab qo‘yilgan bir odam bo‘lmagan. Qarindosh-urug‘larning o‘zi shu ish bilan shug‘ullangan. Imoratini hashar bilan ko‘targan. To‘yini hashar bilan qilgan”, dedi Rahimberdi domla Rahmonov.
Suhbatdoshimizning ta’kidlashicha, koronavsirus sabab sinovli kunlarda ayrim yosh yigitlar qo‘llaridan kelgan saxovatni qilmoqda. qarindosh-urug‘iga, yoru do‘stlariga, mahalla-kuyga ehsonlar qilishmoqda. Oddiy tadbirkor yigitlar 150-300 talab xonadonga xayr-ehson ulashmoqda.
“Rasuli Akram alayhissalom bir kuni sahobalar bilan suhbat qila turib: “oralaringda qarindosh-urug‘ bilan gaplashmaydigan, silai-rahmni uzgan odam bo‘lsa, turib chiqib ketsin”, dedilar. Bir yigit o‘rnidan turib chiqib ketdi. Biroz o‘tgach, qaytib kelib, Payg‘ambarimiz alayhissalomdan o‘tirishga izn so‘radi. Va aytdiki, “Yo Rasululloh, mening bir xolam bor edi. Ikki yildan beri gaplashmasdan yurgan edim. Mana shu xolamning oldilariga borib, roziliklarini oldim. U kishi rozi bo‘lgach, huzuringizga qaytib keldim”, deganida Rasuli Akram alayhissalom: “Qaysi bir qavmning orasida bitta silai rahmni uzgan odam bo‘lsa, o‘sha odamning sababidan Allohning rahmati nozil bo‘lmaydi”, dedilar.
Hazrati Abu Hurayra roziyallohu anhu qachon suhbat qilmoqchi bo‘lsalar, undan oldin bir e’lon qilardilar. “Muhtaram azizlar, oralaringda qarindosh-urug‘ bilan gaplashmaydigan, silai-rahmni uzgan odam bo‘lsa, turib chiqib ketsin, bizning duolarimiz qabul bo‘lmaydi”, der ekanlar.
Qarindoshlari bilan aloqani uzgan, ular bilan gaplashmaydigan odam bo‘lsa, mana shunday odamning kasriga jamoaning duosi qabul bo‘lmas ekan. Shu sabab, bandachilikka borib qarindoshlar, qo‘ni-qo‘shnilar, yoru do‘stlar orasida gap qochgan bo‘lsa, ularni unutib, samimiylikni tiklash ulug‘ fazilatdir”, dedi Rahimberdi domla Rahmonov.
Suhbatimiz davomida mana shu mavzuga oid yana ko‘plab fikrlar bildirildi. Insoniy fazilatlarni yuksakka ko‘taruvchi tavsiyalar haqida so‘z bordi. Silai rahmni mahkam ushlash mo‘min bandaning burchi ekani ta’kidlandi.
LiveBarchasi