Qanday transport vositalari majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi?

Jamiyat 10003
image

Toshkent shahar hokimligi tomonidan “Toshkent shahridagi transport vositalarini 2021 yilda majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish haqida”gi qaror qabul qilindi.

Ushbu qaror “Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonunga, shuningdek Transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizomga muvofiq ishlab chiqilgan.

2021 yilda yuridik shaxslarga, shu jumladan xorijiy shaxslarga tegishli transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish maqsadida quyidagilar tasdiqlandi:

•    texnik ko‘rikni o‘tkazish bo‘yicha komissiyaning tarkibi;
•    Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan yuridik shaxslarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish jadvali.

Transport vositalari quyidagi davriylikka muvofiq texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi kerak:

a) tijorat asosida yo‘lovchilar tashish uchun foydalaniladigan yengil avtomobillar, avtobuslar, trolleybuslar, tramvaylar va o‘tiriladigan joylar soni 8 ta va undan ortiq bo‘lgan (haydovchining o‘rnidan tashqari), odamlarni muntazam tashish uchun jihozlangan yuk avtomobillari, yirik gabaritli, og‘ir vaznli va xavfli yuklarni tashish uchun maxsus transport vositalari va ularga tirkamalar – bir yilda ikki marta (birinchi marta – 1 iyundan 30 iyungacha, ikkinchi marta – 1 sentyabrdan 31 oktyabrgacha);

b) ishlab chiqarilganligiga 5 yildan ko‘p bo‘lmagan (ishlab chiqarilgan yili ham shu jumlaga kiradi) transport vositalari (mazkur bandning «a» kichik bandida ko‘rsatilgan transport vositalaridan tashqari) – 2 yilda bir marta;

v) ishlab chiqarilgan yilini hisobga olgan holda ishlab chiqarilganligiga 5 yildan ortiq bo‘lgan transport vositalari, shuningdek ishlab chiqarilgan vaqti aniqlanmagan transport vositalari (mazkur bandning «a» kichik bandida ko‘rsatilgan transport vositalaridan tashqari) – bir yilda bir marta;

g) tirkamalar ko‘rikka transport vositasi — shatakchi uchun belgilangan muddatlarda taqdim etiladi;

d) navbatdagi texnik ko‘rikdan o‘tkazishning ilgari o‘rnatilgan muddatlaridan qat’i nazar, ularni DYHXX organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish (qayta ro‘yxatdan o‘tkazish) vaqtida;

ye) ular ishlab chiqarilgan yildan qat’i nazar, DYHXX organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilgan (qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgan) kundan boshlab bir yil o‘tgach (mazkur bandning «a» kichik bandida ko‘rsatilgan holatlar bundan mustasno).

Yuridik shaxslarga qarashli bo‘lgan transport vositalarining texnik ko‘rigi 1 martdan 30 iyunga qadar o‘tkaziladi.

Jismoniy shaxslarga qarashli bo‘lgan transport vositalarining texnik ko‘rigi 1 yanvardan 31 avgustga qadar o‘tkaziladi.

Transport vositalari DYHXX organlari tomonidan texnik ko‘rikdan o‘tkazilganligi uchun qonunchilikda belgilangan tartibga muvofiq yig‘im undiriladi.

Sunnatilla Abdullayev
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 219
Reyting: 3
t
×