Qanday hollarda aviakompaniya yo‘lovchilarga kompensatsiya to‘laydi?
Jamiyat
−
28 dekabr 2022
9931O‘zbekistonda dekabrda noqulay ob-havo tufayli samolyotlar 58 marta boshqa aeroportlarga yo‘naltirildi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda "Uzbekistan Airways" aksiyadorlik jamiyati matbuot kotibi Kamola Ikromova ma’lum qildi.
Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, aviakompaniya jadval asosida 2290 ta aviaqatnovni amalga oshirgan. Shulardan 925 tasi kechiktirilgan holda bajarilgan. 26 dekabr holatiga ko‘ra, jadval asosida 1957 ta aviaqatnov amalga oshirilgan. Shulardan umumiy hisobda 1136 tasi kechiktirilgan.
Qayd etilishicha, aviaqatnovlarning kechiktirilishi yoki amalga oshirilmasligining asosiy sababi ikki turga bo‘linadi. Bulardan biri aviakompaniya sabab, ya’ni samolyot texnik xizmat ko‘rsatishga muhtojligi, havo kemasining belgilangan manzildan kech yetib kelgani, kompaniya tomonidan reysning bekor qilinishi. Ikkinchi sabab esa noqulay ob-xavo sharoiti, mahalliy aeroportlarning vaqtinchalik yopilishi hisoblanadi.
Dekabr oyida noqulay ob-havo sharoiti tufayli samolyotlar 58 marta boshqa aeroportlarga majburiy ravishda yo‘naltirilgan. Jumladan, Navoiy – 13 marta, Namangan – 8 marta, Buxoro – 3 marta, Samarqand – 14 marta, Toshkent – 10 marta, Farg‘ona – 7 marta.
Ma’lum qilinishicha, aviaqatnovlar aviakompaniya tomonidan kechiktirilgan yoki bekor qilinganda yo‘lovchilarga 2 soatdan yuqori bo‘lgan kutish vaqtida suv, 4 soatdan 6 soatgacha bo‘lgan kutish jarayonida issiq taom taqdim etiladi. Agar kutish vaqti kunduzi 12 soatdan, kechasi 6 soatdan oshsa yo‘lovchilar mehmonxona hamda issiq ovqat bilan ta’minlanadi.
Noqulay ob-havo sharoiti sababli aviaqatnovlar kechiktirilgan yoki bekor qilinganda esa yo‘lovchilar aviachiptalarning to‘liq qiymatini chipta sotib olingan joydan qaytarib olish yoki boshqa sanaga bepul qayta bron qilish huquqiga ega.
O‘zbekiston hududida amalga oshirilayotgan reyslarning uchib kelish terminali turli sabablarga ko‘ra o‘zgarsa, yo‘lovchilar aviakompaniya tomonidan o‘z manzillariga yer transporti orqali yetkazib qo‘yiladi. Agar bu jarayon amalga oshirilmasa, yo‘lovchilarga aviakompaniya tomonidan aviachipta tarif turi va yetib borish manzilidan kelib chiqqan holda 25% miqdorda kompensatsiya to‘lanadi.
Xorijiy mamlakatlardagi qo‘nish terminali o‘zgargan hollarda aviakompaniya yo‘lovchilarni o‘z manzillariga yetkazib qo‘yishga javobgar hisoblanadi.
Aviaqatnov vaqti, soati, yo‘nalishi va qo‘nish terminali o‘zgargan hollarda aviakompaniya aloqa markazi bu haqda yo‘lovchi aeroportga kelishidan avval u chipta xarid qilayotganda yozib qoldirgan raqami va pochta manziliga xabar yuboradi.
LiveBarchasi