Qancha mahkum saylovda ovoz berish huquqiga egaligi ochiqlandi
Jamiyat
−
09 iyul 2023
4022O‘zbekistonda bugun qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida saylovda ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan 34 ming 338 nafar shaxs ovoz berish huquqidan foydalanish imkoniyatiga ega. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasida bo‘lib o‘tayotgan Ichki ishlar vazirligi vakili ishtirokidagi brifingda ma’lum qilindi.
Bu yilgi saylovga jazoni ijro etish muassasalarida 354 nafar xodimlardan iborat uchastka saylov komissiyalari tarkibi tuzilgan. Shuningdek, 11 ta tergov hibsxonalari, 17 ta jazoni ijro etish koloniyalari va 20 ta manzil-koloniyalarida saylov uchastkalari tashkil etilgan. Bu yil ilk marta og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganligi uchun jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar ham ishtirok etmoqda. Xususan, bugun 33 ming 753 nafar qamoqda saqlanayotgan shaxslar saylovda ovoz berish huquqiga ega.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, saylov o‘tkazish tartibini buzganlik uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda va Jinoyat kodeksida javobgarlik belgilangan.
Masalan, uchastka saylov komissiyasining faoliyatiga aralashish yoki saylovga qo‘yilgan masalalar yuzasidan tashviqot olib borish shartlari va tartibini buzish – ma’muriy javobgarlikni keltirib chiqaradi. Agar, shunday xatti-harakatlar yuz bersa, “102” qisqa raqamli telefoni orqali xabar berish mumkin.
Ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’muriy bayonnoma prokuratura yoki ichki ishlar organlari yoxud saylov komissiyalarining vakolatli mansabdor shaxslari tomonidan tuziladi.
To‘plangan hujjatlar bir sutkadan kechiktirmay, tuman (shahar) sudiga yuboriladi. Bundan tashqari, uchastka va okrug komissiyalarining faoliyatiga doir murojaatlar sudlarda ko‘rib chiqiladi.
Hozirga qadar Ichki ishlar organlariga saylovga oid qonunchilikni buzish bilan bog‘liq ariza yoki xabar kelib tushmagan.