Qamoqqa olingan jangchi va chaqmoq urgan futbolchi – Sport dayjesti
Tahlil
−
17 fevral
7025Qamoqqa tushgan Nursulton Ro‘ziboyevning raqibi, FIFA reytingida yuqorilagan O‘zbekiston terma jamoasi va chaqmoq urishidan halok bo‘lgan futbolchi bugun diqqat markazimizda. Assalomu alaykum. QALAMPIR.UZ’da sport dayjesti.
O‘zbekistonlik UFC'chi oxirgi jangidan qancha daromad qildi?
O‘zbekistonlik UFC jangchisi Bogdan Guskov UFC Fight Night 236 turniridagi g‘alabali ishtirokidan 78 ming AQSH dollari foyda ko‘rdi.
31 yoshli Guskov 12 ming ishtirok uchun yana 12 ming g‘alaba uchun, 50 ming bonus va 4 ming AQSH dollari homiylik shartnomalaridan ishlab topgan.
Qayd etish joiz, Guskov UFC Fight Night 236 turnirida amerikalik Zak Paugani birinchi raundda nokaut evaziga mag‘lub etdi va tashkilotdagi birinchi g‘alabasini tantana qildi.
Ma’lumot uchun, Bogdan Guskov MMA'da umumiy 18 ta jang o‘tkazib, 15 tasida g‘alaba qozongan, 3 ta jangda esa imkoniyatni boy bergan. Puganidan avval u o‘tgan yili sentyabr oyida UFC Fight Night 226 turniri doirasida shveysariyalik tajribali Volkan Ozdemir bilan bahs olib borib, mag‘lubiyatga uchragan.
O‘zbekistonlik bokschilar xalqaro turnirda 14 ta medalni qo‘lga kiritdi
Joriy yilning 2-11 fevral kunlari bolgariyaning Sofiya shahrida boks bo‘yicha “Kichik Jahon chempionati” sanalmish nufuzli “Stranja” xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi. Musobaqada ishtirok etgan O‘zbekiston jamoasi vakillari umumjamoa hisobida turnirni 1-o‘rinda yakunladi.
Erkaklar 13 ta vaznda, ayollar esa 6 vazn toifasi bo‘yicha bellashgan turnirda O‘zbekiston erkaklar jamoasidan Ho‘janazar Nortojiyev, Abdumalik Xalokov, Iqboljon Holdorov, Javohir Ummataliyev va Jahongir Zokirov shohsupaning 1-pog‘onasidan joy oldi. Ayollar o‘rtasida esa -50 kg vaznda Sabina Boboqulova oltin medalga ega chiqdi.
-57 kg da Shahzod Muzaffarov va -63,5 kg vaznda Adhamjon Muhiddinov kumush medal sohibiga aylandi.
Asilbek Jalilov, Hasanboy Do‘smatov, Dilshod Abdumurodov, Fazliddin Erkinboyev, Samandar Jalolov va Humorabonu Mamajonova jamoa hisobida bronza medallarini qo‘shib qo‘ydi.
Shunday qilib, Hindiston va mezbon Bolgariyani ortda qoldirgan O‘zbekiston jamoasi bahslarni eng yuqori pog‘onada tugatdi.
Indoneziyada futbolchi chaqmoq urishidan halok bo‘ldi
Joriy yilning 10 fevral kuni Indoneziyaning “Persikas Subang” futbol klubi a’zosi o‘yin vaqtida chaqmoq urushidan vafot etdi. Holat o‘rtoqlik o‘yinida sodir bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda, “Persikas Subang” jamoasining 30 yoshli futbolchisi kuchli chaqmoq urishidan keyin yiqilib tushganini ko‘rish mumkin. Voqea Bandung shahrida sodir bo‘lgan.
Ma’lum bo‘lishicha, futbolchi zudlik bilan kasalxonaga yotqizilgan, biroq jiddiy jarohat olgani sababli vafot etgan.
E’tiborlisi, Indoneziyada bunday holat birinchi marta bo‘lishi emas. 2022 yilning avgust oyida ham mamlakatda shunga o‘xshash holat kuzatilgan.
Nursulton Ro‘ziboyevning raqibi hibsga olindi
Joriy yilning 30 mart kuni UFC Fight Night turniri doirasida o‘zbekistonlik Nursulton Ro‘ziboyevga qarshi jang qilishi kerak bo‘lgan amerikalik Sedrik Dyuma hibsga olindi. Bu haqda ESPN xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Floridada yashovchi ayol eshigini Dyuma taqillatayotganini bildirib, politsiyaga murojaat qilgan.
“Men uning yigiti bo‘lmasam, nima qilaman uni bezovta qilib? ” degan Dyuma ayblovni tan olmay.
Hozirda mazkur ish bo‘yicha 28 yoshli sportchi hibsga olingan va 5 mart kuni uning sudi bo‘lishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, Dyuma shu vaqtga qadar UFC'da 3 ta jang o‘tkazib, 2 tasida zafar quchgan, 1 ta bahsda esa mag‘lubiyatga uchragan. U oxirgi jangini o‘tgan yilning oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan UFC 294 musobaqasida marokashlik Abu Azeytarga qarshi o‘tkazib, hakamlarning yakdil ovozi bilan g‘alaba qozongan.
Taniqli niderlandiyalik futbolchi olti yillik qamoq jazosiga hukm qilindi
Niderlandiyada 2020 yilda 1300 kilogramm kokain kontrabandasida ayblangan futbolchi Kvinsi Promes ustidan sud jarayoni yakunlandi. Bu haqda “Voetball News” xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Promes aybdor deb topilib, olti yillik qamoq jazosiga hukm qilingan, biroq, ayni damda huquq-tartibot idoralari Promesni ushlay olmayapti. 2021 yilning fevral oyidan beri 32 yoshli yarim himoyachi Rossiyaning “Spartak” jamoasida to‘p surmoqda. Rossiya hukumati futbolchini ekstraditsiya qilishni rejalashtirmayapti.
Qayd etish joiz, Promesning qonun bilan bog‘liq muammolari birinchi marta sodir bo‘lishi emas. U 2022 yilda Rossiyada o‘ynab yurganida qarindoshiga pichoq bilan hujum qilgan va tan jarohati yetkazgani uchun 18 oylik qamoq jazosiga hukm qilingan.
Futbolchi faoliyati davomida Niderlandiya terma jamoasi safida 50 ta o‘yin o‘tkazib, 7 ta gol urgan. Klub miqiyosida u “Sevilya”, “Ayaks” va “Tvente” jamoalarida to‘p tepgan.
Ronaldu penaltidan tashqari gollar bo‘yicha Messiga yetib oldi
“Al-Nasr”ning portugaliyalik hujumchisi Krishtianu Ronaldu penaltidan tashqari gollar soni bo‘yicha “Inter Mayami”ning argentinalik hujumchisi Lionel Messiga tenglashib oldi. Bu haqda “MessivsRonaldo” X sahifasi xabar berdi.
Ronaldu Osiyo Chempionlar ligasi 1/8 finali doirasida Saudiyaning “Al-Feyha” klubi bilan birinchi uchrashuvda (1:0) gol urdi va shu tariqa, u penaltilarni hisobga olmaganda faoliyatidagi 713-golini urdi. Xuddi shuncha gol Lionel Messi hisobida ham bor.
Ma’lumot uchun, Ronaldu “Al-Nasr”da 2023 yildan buyon o‘ynab kelmoqda. Futbolchining klub bilan shartnomasi 2025 yilgacha mo‘ljallangan. Bungacha portugaliyalik futbolchi “Manchester Yunayted”, “Yuventus”, “Real” va “Sporting” klublarida to‘p surgan.
O‘z navbatida, Lionel Messi 2023 yildan beri “Inter Mayami” sharafini himoya qilib kelmoqda. Uning klub bilan shartnomasi 2025 yilgacha mo‘ljallangan. Faoliyati davomida argentinalik futbolchi PSJ va “Barselona”da o‘ynagan.
Yangilangan FIFA reytingida O‘zbekiston ikki pog‘ona yuqoriladi
15 fevral kuni Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) reytingining 2024 yildagi dastlabki yangilanishi kuzatildi. Osiyo kubogida chorak finalga qadar yetib borgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi yangi reytingda 66-o‘rinni band etdi.
Srechko Katanets shogirdlari o‘z o‘rnini o‘tgan oyga nisbatan ikki pog‘onaga yaxshilab oldi. Osiyo terma jamoalari ichida eng yaxshi natija hamon Yaponiyaga tegishli bo‘lib turibdi. “Kunchiqar yurt” vakillari qit’a birinchligidagi muvafaqqiyatsiz ishtirokidan so‘ng reytingda 1 pog‘ona pastlab 18-o‘ringa joylashdi.
Osiyo termalari ichida eng katta sakrashni Osiyo kubogi g‘olibi Qatar amalga oshirdi. Qatarliklar o‘z o‘rnini bir varakayiga 21 pog‘onaga yaxshilab, 37-o‘rinni egalladi.
Kuchli o‘ntalikda o‘zgarishlar kuzatilmadi. Hamon Argentina terma jamoasi jadvalda karvonboshilik qilmoqda.
“Eynshteyn” Tojikiston murabbiyligidan ketdi
Futbol bo‘yicha Tojikiston bosh murabbiyi Petr Segrt shartnomasi tugagani uchun terma jamoa murabbiyligidan ketdi. Bu haqda mamlakat futbol federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
“Tojikiston futbol federatsiyasi Petr Segrtga ikki yillik faoliyati uchun minnatdorchilik bildiradi va unga kelgusidagi murabbiylik faoliyatida muvaffaqiyatlar tilaydi”, deyiladi manba xabarida.
Qayd etish joiz, 57 yoshli mutaxassis qo‘l ostida mamlakat terma jamoasi birinchi marta Osiyo kubogida ishtirok etib, chorak finalga qadar yetib bordi.
Ma’lumot uchun, Petr Segrt boshchiligida Tojikiston terma jamoasi 24 uchrashuv o‘tkazib, bahslarning 11 tasida g‘alaba qozondi, 7 tasida durang o‘ynadi va 6 ta uchrashuvda mag‘lub bo‘ldi. Shuningdek, Segrt boshchiligida Tojikiston terma jamoasi ikkita xalqaro musobaqa g‘olibiga aylandi.
Diyora Keldiyorova “Katta Dubulg‘a” turnirida g‘olib bo‘ldi
Ozarbayjon poytaxti Baku shahrida o‘tkazilayotgan dzyudo bo‘yicha "Katta Dubulg‘a" turnirida o‘zbekistonlik Diyora Keldiyorova oltin medalni qo‘lga kiritdi.
-52 kg vazn toifasida ishtirok etgan Diyora Keldiyorova finalda ikki karra Olimpiya o‘yinlari sovrindori italiyalik Odette Jufrida ustidan g‘alaba qozondi.
-48 kg vaznda Halimajon Qurbonova bronza medali uchun ispaniyalik Mireya Kamosga qarshi bahs olib borib, zafar quchdi.
Erkaklar o‘rtasida -60 kg vaznda ishtirok etgan Doston Ro‘ziyev 3-o‘rin uchun kechgan bahsda gruziyalik Timur Nozadzeni mag‘lubiyatga uchratdi.
Musobaqada oltin medalni qo‘lga kiritgan Keldiyorova Parij-2024 Olimpiadasi uchun 1000 reyting ochkosi, 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan Doston Ro‘ziyev va Halimajon Qurbonova 500 reyting ochkosiga ega chiqdi.
Abdusattorov xalqaro turnirda 20 ming AQSH dollar yutdi
15 fevral kuni Germaniyaning Gamburg shahri mezbonlik qilgan shaxmat bo‘yicha “Freestyle Chess G.O.A.T Challenge” turniri yakunlandi. Musobaqada ishtirok etgan o‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov yakunda 4-o‘rin bilan kifoyalandi.
Yarim finalda ikki o‘yin natijasiga ko‘ra norvegiyalik Magnus Karlsenga imkoniyatni boy bergan Abdusattorov 3-o‘rin uchun bahsda amerikalik Levon Aronyanga qarshi dona surdi. Tomonlar o‘rtasidagi birinchi partiya durang bilan yakun topgan bo‘lsa, ikkinchi o‘yinda
Aronyanning qo‘li baland keldi.
Finalda esa Magnus Karlsen yana bir amerikalik grossmeyster Fabiano Karuana bilan bahs olib borib, g‘alaba qozondi va turnir g‘olibiga aylandi.
Shunday qilib, 19 yoshli Nodirbek Abdusattorov 4-o‘rinni qo‘lga kiritib, 20 ming AQSH dollari pul mukofotiga ega chiqdi.
Mirzahalilov da’vogarlik jangida g‘alaba qozondi.
16 fevral kuni Tojkiston poytaxti Dushanbe shahrida boks bo‘yicha IBA Champions Night turniri o‘tkazildi. Turnirda o‘zbekistonlik bokschi Mirazizbek Mirzahalilov ham ishtirok etdi.
Yarim yengil vaznda meksikalik Luis Rodrigesga qarshi ringga ko‘tarilgan Mirzahalilov butun jang davomida ustunlikni o‘z tomonida saqlab turdi va yakunda hakamlar qaroriga ko‘ra g‘alaba qozondi.
Mazkur g‘alaba tufayli Mirzahalilov o‘z vazn toifasida IBA kamari uchun majburiy da’vogarga aylandi. Meksikalik Luis Rodriges esa profringdagi birinchi mag‘lubiyatini qabul qildi.
Shunday qilib 28 yoshli Mirzahalilov professional faoliyatidagi beshinchi g‘alabasini tantana qildi.