Qamoqdagi Nargis Muhammadiyning “Nobel”i uning farzandlariga topshirildi
Olam
−
11 dekabr 2023
21628Kecha, 10 dekabr kuni tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini Eronda ayollarga nisbatan zulmga qarshi kurashgan ayol, “Inson huquqlari himoyachilari” tashkiloti vitse-prezidenti Nargis Muhammadiyga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda TASS ma’lum qildi.
Norvegiya poytaxti Osloda bo‘lib o‘tgan 2023 yilgi taqdirlash marosimida mamlakat qirollik oilasi va hukumati a’zolari ishtirok etgan. Tadbir Nobel jamg‘armasi saytida jonli translyatsiya qilindi.
Norvegiya Nobel qo‘mitasi raisi Berit Rayss-Andersen mukofot asoschisi Alfred Nobel portreti tushirilgan oltin medal va diplomni qamoqdagi eronlik huquq himoyachisi Nargis Muhammadiyning 17 yoshli egizaklari Ali va Kiana Rahmoniyga topshirdi.
“Bu yilgi Tinchlik mukofoti Eron va butun dunyoda inson huquqlari uchun kurashayotgan, kamsitish va segregatsiya (biror irq yoki etnik guruhni chegaralangan hududga majburlab ko‘chirish yohud diskriminatsiya choralari orqali ajratib qo‘yish) ga barham berish uchun harakat qilayotgan barcha jasur ayollarni taqdirlaydi. Muhammadiy o‘z faoliyati orqali Erondagi va butun dunyo bo‘ylab xalqlar o‘rtasidagi qardoshlikni mustahkamlashga hissa qo‘shdi. Bu orqali u Alfred Nobel vasiyatnomasining shartlarini bajardi”, deydi Rayss-Andersen.
Shuningdek, qo‘mita raisi Eronda ayollar 30 yildan beri segregatsiyaga qarshi kurashib kelayotganini qo‘shimcha qildi va ularning yorqin kelajak haqidagi orzulari oxir-oqibat amalga oshishiga umid bildirdi.
Ma’lumot o‘rnida, Nargis Muhammadiy 2016 yilda o‘z vatanida o‘lim jazosini bekor qilish tarafdori bo‘lgan inson huquqlari harakatiga rahbarlik qilgani uchun 16 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. U 2020 yilda ozodlikka chiqdi, ammo 2021 yil oxirida yana hibsga olingan va hozir Tehrondagi Evin qamoqxonasida saqlanmoqda.
1901 yildan beri 103 ta tinchlik mukofoti berilgan bo‘lsa, shulardan 18 tasi ayollarga nasib qilgan. Mukofotlanganlar orasida 27 ta turli tashkilot bor. Tinchlik mukofotidan voz kechgan yagona shaxs vetnamlik siyosatchi va diplomat Le Dik Txo bo‘lib, u 1973 yilda AQSH Davlat kotibi Genri Kissinjer bilan birga Vetnam mojarosini hal qilishdagi sa’y-harakatlari uchun mukofotga loyiq ko‘rilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 6 oktyabr kuni Osloda e’lon qilingan Nobel qo‘mitasining tegishli qarori bilan 2023 yilgi tinchlik uchun Nobel mukofotiga Nargis Muhammadiy loyiq ko‘rilgani ma’lum qilingandi.
LiveBarchasi