Qamoqda qolayotgan Gulnora Karimova nabirali bo‘ldi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi, sobiq Fond Forum Vasiylik kengashi raisi 49 yashar Gulnora Karimova qamoqxonada qolarkan, nabirali bo‘ldi. Bu Karimovaning o‘g‘li Islom Karimovning Instagram’dagi sahifasiga joylashtirgan suratidan ma’lum bo‘lmoqda. 

Gulnora Karimovaning o‘g‘li Islom Karimov sahifasiga bir necha oylik go‘dakning suratini joylashtirgan. Suratda bolakay qo‘lida “Foreign Affairs” jurnalini tutib, uni bir uchidan tishlab turganini ko‘rish mumkin. 

Surat ostidagi izohlarda Islomning kuzatuvchilari “Bu sizning o‘g‘lingizmi?”, deb so‘ragan. Karimov savollarga “ha”, deb javob qaytargan. 

Ushbu surat ostiga izoh yozayotganlarning aksariyati bolakayga uzoq umr, bobosidek arbob bo‘lishni va tez orada buvisi uni quchog‘iga olishini tilashgan. 

Bu Karimovlar oilasida tug‘ilayotgan ilk evara. Islom – oilaning bosh nabirasi – Mansur Maqsudi va Gulnora Karimovaning to‘ng‘ich farzandi. Gulnoraning sobiq turmush o‘rtog‘idan Imon ismli qizi ham bor. Jamoatchilik Imon Karimovani onasi huquqlari himoyasiga otlanganidan buyon yaxshi taniydi. 

Shuningdek, Islom Karimovning kenja qizi Lola Karimova-Tillyayevaning ham uch farzandi bor. Ulardan to‘ng‘ichi Maryam Tillyayeva o‘tgan yili rossiyalik bloger Amiran Sardarovga turmushga chiqdi. Hozircha ularning farzandi yo‘q, Lola Karimova esa qizi bilan aloqani uzgan. 

Marhum Prezident Islom Karimov qizlari Gulnora va Loladan avval bir o‘g‘il farzand ko‘rgani ko‘pchilikka ma’lum. Biroq, Islom Karimovning o‘g‘li, uning oilasi haqida ma’lumotlar mavjud emas. 

Ma’lumki, Karimovlar oilasining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova 2013 yildan buyon jinoyatlari uchun javob bermoqda. U ayni vaqtda hibsda. Oilaning kenjasi Lola Karimova-Tillyayeva esa otasining vafotidan so‘ng, turmush o‘rtog‘i Timur Tillyayev va farzandlari bilan AQSHga ko‘chib o‘tgan. U masofadan turib, “Sen yolg‘iz emassan” fondi hamda Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondini boshqarib keladi. U AQSHda "The Harmonist" attorlik buyumlari brendiga asos solgan.

Karimovlar oilasidan faqat Tatyana Karimova O‘zbekistonda istiqomat qilmoqda. U Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish va Karimov nomidagi Respublikasi jamoat fondi faoliyatini yuritishda bosh-qosh. Bugungacha sobiq birinchi xonim oila atrofidagi mashmashalarga matbuot orqali munosabat bildirmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Gulnora Karimova

Baholaganlar

2115

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing