Qambarota GES-1 qurilishiga 4,2 mlrd dollar ketadi – Energetika vaziri

Jamiyat

image

Qambarota GES-1 qurilishi qiymati 4,2 mlrd dollarni tashkil etadi, shu bilan birga, xalqaro moliya institutlarining moliyalashtirish portfeli esa 5,6 mlrd dollarga yetgan. Bu haqda O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, sentyabr oxirida Bryusselda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Energetika vazirlarining Qambarota GES-1 qurilish loyihasi bo‘yicha uchinchi davra suhbati bo‘lib o‘tgan. Jahon banki shafeligida o‘tkazilgan ushbu yig‘ilishda 10 ga yaqin turli moliyaviy institutlar, shu jumladan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropa investitsiya banki, OPEK fondi, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Osiyo taraqqiyot banki, shuningdek, Italiyaning moliyaviy institutlari qatnashgan.

Muzokaralar ishtirokchilarining barchasi Qambarota GES-1 hududiy hamkorlik loyihasi bo‘lgani uchun mintaqada unikal tashabbus ekanini qayd etgan va hali loyiha hujjatlari tayyor bo‘lmasdan turib, ushbu loyihani moliyalashtirishga tayyorligini bildirgan.

“Oldin bunday loyihalarni muhokama qilish u yoqda tursin, ular haqida gapira olmasdik ham. Gapirish taqiqlanardi. Hozir ushbu bo‘layotgan muzokaralarni, bo‘layotgan muloqotni xalqaro moliyaviy institutlari yuqori darajada tan olishyapti. Bunda O‘zbekiston Prezidentining roli kattaligini barcha e’tirof etdi. O‘zbekistonning imiji, hozirgi kunda dunyo hamjamiyatidagi o‘rni, qilayotgan islohotlari, qilayotgan iqtisodiy o‘zgarishlari, iqtisodiy o‘sishi natijasida ular resurs ajratishga tayyor. Unga mintaqaviy hamkorlikni ifodalovchi loyiha sifatida qarashmoqda va loyihada ishtirok etayotgan davlatlarning uzoq muddatli iqtisodiy salohiyatiga, iqtisodiy o‘sishiga ishonmoqda”, deydi vazir.

Jo‘rabek Mirzamahmudov loyihani amalga oshirish doirasida hukumatlararo kelishuv tayyorlanishi, operator tashkil qilinishi va qo‘shma korxona tuzilishini eslatgan.

“Loyiha xalqaro standartlar bo‘yicha – ekologiya, xavfsizlik, iqtisodiy jihatlar bo‘yicha – xalqaro konsultantlar tomonidan tayyorlangan hujjatlar asosida, milliy manfaatlarni ham inobatga olgan holda amalga oshiriladi”, deya qo‘shimcha qildi u.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Qambarota GES-1 nafaqat iqtisodiy loyiha, balki “yashil” energetika loyihasi hamdir, u qayta tiklanuvchi energiya resurslardan foydalanish imkoniyatini beradi, shuningdek, u barcha uchta davlatga suv resurslarini ham to‘g‘ri boshqarish imkoniyatini taqdim etadi.

“Ekologik tarafdan loyihaning afzalligi shundaki, ko‘p loyihalarni amalga oshirganda, to‘g‘on qilingandan keyin ma’lum bir hududda suv ko‘payadi va u yerda aholi punktlari yoki qandaydir boshqa ob’ektlar bo‘lsa, ko‘chirish kerak bo‘ladi. Ushbu loyihada bu narsalarning oldi olingan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, resurslarni to‘g‘ri boshqarish orqali yozgi vegetatsiya vaqtida qo‘shimcha suv resurslarini yetkazib berish imkoniyatini ham yaratadi. Faqatgina o‘sha rejimlarni, ish tizimini to‘g‘ri tashkil qilish kerak bo‘ladi”, deydi Energetika vaziri.

Jo‘rabek Mirzamahmudov loyihada Qirg‘iziston ulushi 34 foiz, O‘zbekiston va Qozog‘istonniki 33 foizdan ekanini eslatdi. Shunga muvofiq, har bir mamlakat o‘z ulushiga nisbatan elektr energiyasini sotib olish huquqiga ega.

”Lekin bu tijoriy loyiha hisoblanganligi uchun, o‘sha vaqtda agarda bozor yaxshi bo‘lsa, hududdagi barcha davlatlarda iste’mol oshib borsa, o‘zgarishlarga imkoniyat bor: qaysidir davlat ko‘proq olishi, qaysidir davlat talabidan kelib chiqqan holda kamroq olishi mumkin. Shuning uchun ham aytyapman, birgalikda boshqariladi, qo‘shma korxonada talab va taklifdan kelib chiqqan holda”, deya aniqlik kiritgan vazir.

Ma’lumot uchun, Qambarota GES – Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatidagi Norin daryosida joylashgan eng yirik energetik loyiha. Bo‘lajak GESning quvvati 1860 MVtni tashkil qiladi. GESning suv ombori hajmi 5,4 milliard kub metr, to‘g‘on balandligi 256 metr. Stansiya yiliga o‘rtacha 5,6 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. GESning qurilishi 10 yil davom etishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Qirg‘iziston Energetika vazirligi Yevropa Ittifoqi Qambarota GES-1 qurilishi uchun 1 milliard dollar ajratishini ma’lum qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

GES Energetika Jo'rabek Mirzamahmudov Qambarota

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing