Qalin tuman sabab O‘zbekistondagi ba’zi aeroportlar faoliyati cheklandi
Jamiyat
−
08 dekabr 2023
6039Qalin tuman tufayli ko‘rishning yomonlashishi Farg‘ona, Namangan va Samarqand aeroportlarida reyslarning qo‘nish va jo‘natishini cheklab qo‘ydi. Bu haqda “Uzbekistan airports” Matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, Irkutsk – Farg‘ona yo‘nalishi bo‘yicha SBI-6323 reysini amalga oshirayotgan S7 Airlines samolyoti belgilangan aeroportdagi noqulay ob-havo sharoiti (tuman, ko‘rish masofasi 50 m) tufayli 7 dekabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 23:27 da Namangan aeroportidagi muqobil aerodromga qo‘ndi. Aviakompaniya qaroriga ko‘ra, 177 nafar yo‘lovchi Farg‘onaga yer usti transporti orqali yetkaziladi.
Biroq soat 00:10 dan boshlab Namangan aeroportini ham quyuq tuman qopladi (ko‘rish masofasi 600 metr). Shu sababli bu yerda ham samolyotlarni qabul qilishda vaqtinchalik cheklovlar joriy etildi.
“Panorama Airways” aviakompaniyasining Madina – Namangan yo‘nalishi bo‘yicha UZP-5382 reysidagi ekipaj a’zolari Namangan aeroportida noqulay ob-havo sharoiti (tuman) tufayli Toshkentdagi muqobil aerodromga o‘tishga qaror qildi. Mahalliy vaqt bilan 8 dekabr kuni soat 02:33 da bortida 170 nafar yo‘lovchi bo‘lgan samolyot Toshkent aeroportiga qo‘ndi.
Shuningdek, Samarqand xalqaro aeroportida ham ko‘rish masofasi 50 metr bo‘lgan qalin tuman borligi sababli samolyotlarni qabul qilish cheklangan. Biroq ko‘p o‘tmay Samarqand xalqaro aeroportidagi cheklovlar olib tashlangan.
LiveBarchasi