Saida Mirziyoyeva: “O‘zbekistonlik ayollarning dunyoga aytadigan gaplari bor”
Olam
−
16 fevral 2020
13431Bugun, 16 fevral kuni Dubayda Butunjahon ayollar forumi ochildi. Unda O‘zbekiston vakili sifatida ishtirok etayotgan Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva nutq so‘zladi.
“Butunjahon ayollar forumi ayollar manfaati uchun yetakchi g‘oyalarni safarbar etib, ko‘p ishlarni amalga oshirdi. O‘zbekiston bu borada hamfikr va yangi hamkorlik uchun ochiq.
Ayol huquqlarini ta’minlamay turib, inson huquqlarini ta’minlab bo‘lmaydi”, deydi Saida Mirziyoyeva.
U so‘zida davom etib, O‘zbekiston ayollarning jamiyat taraqqiyotidagi rolini oshirishda xalqaro tajribani o‘rganish niyatida ekanini aytib o‘tdi.
“Biz bir-birimizdan o‘rganishimiz, bir-birimizga kuch berishimiz va ilhom berishimiz, jamiyatimizdagi ayollarning insoniyat sivilizatsiyasi rivojiga o‘z hissalarini qo‘shishlari uchun ularning rolini kuchaytirishni o‘rganish uchun kelganmiz. O‘ylaymanki, o‘zbekistonlik ayollarning dunyoga aytadigan gaplari bor, ular insoniyatning iqtisodiy va madaniy rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘sha oladilar”, degan Mirziyoyeva.
Ma’lumot uchun, forumda dunyo tanigan ayollardan AQSH Prezidenti Donald Trampning qizi va maslahatchisi Ivanka Tramp, Xalqaro valyuta jamg‘armasi ijrochi direktori Kristalina Georgiyeva, Buyuk Britaniyaning sobiq Bosh vaziri Tereza Mey ham ishtirok etyapti. Forumga 87 mamlkatdan 3000 ga yaqin delegat, 100 ta ma’ruzachi, Xalqaro Valyuta Fondi, Jahon Banki, BMT va PROON kabi tashkilotlar vakillari taklif qilingan. Forum 16-17 fevral kunlari bo‘lib o‘tadi.
LiveBarchasi