O‘zbekistonda ilk bor oltin va kumush birja savdolariga chiqarildi
Jamiyat
−
26 mart 2019
8918O‘tgan haftada O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasida qimmatbaho metallar bo‘yicha ilk bitimlar imzolandi, deya xabar berdi birja matbuot xizmati.
2019 yil 18-20 mart kunlari o‘tkazilgan birja savdolari davomida umumiy qiymati 192,6 mln so‘mga teng 46,5 kg kumush sotilgan. Bunda kumushning haftalik birja kotirovkasi 1 gramm uchun 4 142,56 so‘mni tashkil qilgan. Savdolarda ishlab chiqaruvchilar, zargarlik buyumlari va boshqa buyumlar ishlab chiqaruvchilar ishtirok etgan.
Hozirda ichki birja bozorda qimmatbaho metallarni sotish bo‘yicha ikkita shartnoma ochilgan. Xususan, birja kotirovkalash varag‘iga kumush quymasining 500 gramm lotlik Ag-1 markasi va oltin quymasining 100 gramm lotlik Au-1 markasi uchun shartnomalar kiritilgan. Birja savdolariga kumushning kunlik qo‘yilish hajmi 15,5 ming grammni, oltinning kunlik hajmi – 2,6 ming grammni tashkil qiladi.
Qimmatbaho metallarning boshlang‘ich narxi London qimmatbaho metallar bozori uyushmasining so‘nggi tonggi fiksingiga asosan O‘zbekiston milliy valyutasida belgilanadi. Xaridorlar Hisob-kliring palatasidagi o‘z hisob raqamlariga birja bitimining mo‘ljallanayotgan summasining 1 foizi miqdoridagi zakalatni o‘z ichiga olgan avansni kiritadilar.
Savdolarda ishtirok etish uchun zargarlik va boshqa buyumlarni ishlab chiqaruvchilar birjaga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligi tomonidan beriladigan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan zargarlik buyumlari va boshqa buyumlar ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyani taqdim etishlari kerak.
LiveBarchasi