YPX inspektorini urgan haydovchi qamoqqa olindi
Jamiyat
−
20 fevral 2020
8100Buxoroda mast holatda avtomobil boshqarib, yo‘l harakati qoidasini buzgan va Yo‘l-patrul xizmati xodimini urgan haydovchi qamoqqa olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi ma’lum qildi.
Joriy yilning 6 fevral kuni soat 16:30 da Buxoro viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi Yo‘l-patrul xizmati katta inspektori katta serjant Vosil Valiyevich Qurbonov tasdiqlangan dislokatsiyaga asosan Buxoro shahrida joylashgan “Markaziy dehqon bozori” hududidan o‘tgan M-37 avtomobil yo‘lida xizmat olib borayotgan bo‘lgan. Katta serjant Qurbonov xizmatni o‘tash jarayonida, Buxoro shahri Afrosiyob ko‘chasidan Qizilqum ko‘chasi tomon harakatlanib kelayotgan, Buxoro tumanida yashovchi, 1977 yilda tug‘ilgan fuqaro Tolib Temirovich Ne’matov boshqaruvidagi “Niva” rusumli, 80 535 YeVA davlat raqam belgili avtomashinani dastlab piyodalar o‘tish yo‘lagidan o‘tayotgan piyodalarga yo‘l bermasdan harakatni davom ettirganligi, shuningdek, Afrosiyob va Qizilqum ko‘chalari kesishmasidagi chorrahadan svetoforning qizil chirog‘iga amal qilmay burilib olganligi sababli jezl tayoqchasi bilan to‘xtatgan.
Haydovchi Tolib Ne’matov avtomashinani yo‘lning o‘ng tomon chekkasida to‘xtatib, avtomashinadan tushib qochishga harakat qilgan. Haydovchini mast holatda avtomashinani boshqarib kelayotganini gumon qilgan inspektor Qurbonov uning ortidan borgan. Shu vaqtda haydovchi Ne’matov qo‘l mushti bilan katta serjant Qurbonovning yuz va ko‘z sohasiga bir marotaba urib tan jarohati yetkazgan va hodisa joyidan yashirinishga uringan. Biroq, shu yerda xizmat olib borayotgan yo‘l patrul xizmati xodimlari tomonidan Tolib Ne’matov voqea joyida ushlangan.
Katta serjant Vosil Qurbonov tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganda unda “Yuzi o‘ng qismi yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi, o‘ng ko‘z olmasi kontuziyasi bosh miya chayqalishi” bilan kechuvchi tan jarohatlari mavjudligi aniqlangan.
Fuqaro Ne’matov narkologik tekshiruvdan o‘tkazilganda “Alkogoldan mastlik holati”da ekanligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Buxoro shahar prokuraturasi tomonidan fuqaro Ne’matov Tolib Temurovichga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 219-moddasi tegishli qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llaganilgan.
Hozirda Buxoro shahar prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi