Iyun oyida O‘zbekistonda qanday ob-havo kutilyapti?

Bu qiziq

image

Joriy yilning iyun oyida O‘zbekistonning aksar hududlarida yog‘ingarchilik me’yordan kam bo‘lishi kutilmoqda. Havo harorati esa me’yordan biroz yuqori bo‘ladi. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati markazi direktori Sherzodxo‘ja Habibullayev ma’lum qildi.

O‘zbekiston bo‘yicha 2022 yil iyun oyi uchun dastlabki ob-havo prognozlariga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston, Xorazm viloyati va Navoiy viloyatining shimoliy tumanlarida havoning o‘rtacha oylik harorati me’yordan 1-2 darajaga yuqori bo‘lib, 26-28 darajani tashkil etadi. Oy davomida harorat kechalari 20-25 darajadan 13-18 darajagacha, kunduz kunlari 36-41 darajadan 27-32 darajagacha o‘zgarib turishi kutilmoqda. Oylik yog‘in miqdori me’yordan kam bo‘lishi (me’yor 3-11 mm, Ustyurtda 
12-16 mm) kutilmoqda. Oyning ayrim kunlari qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Buxoro viloyatlari va Navoiy viloyatining janubiy tumanlarida havoning o‘rtacha oylik harorati me’yor atrofida, ba’zi joylarda me’yordan 1-2 darajaga yuqori bo‘lib, 25-30 darajani tashkil etadi. Oy davomida harorat kechalari 18-23 darajadan 12-17 darajagacha, kunduz kunlari 34-39 darajadan 29-34 darajagacha o‘zgarib turishi mumkin. Oylik yog‘in miqdori me’yor atrofida bo‘lishi (me’yor 6-14 mm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida 1-4 mm, tog‘oldi va tog‘li hududlarda 20-46 mm) kutilmoqda. Oyning ayrim kunlari qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida havoning o‘rtacha oylik harorati me’yor atrofida bo‘lib, 26-29 darajani tashkil etadi. Oy davomida harorat kechalari 21-26 darajadan 15-20 darajagacha, kunduz kunlari 37-42 darajadan 31-36 darajagacha o‘zgarib turishi kutilmoqda. Oylik yog‘in miqdori me’yordan kam bo‘lishi (me’yor 2-8 mm, tog‘oldi va tog‘li hududlarda 10-47 mm gacha) taxmin qilinmoqda. Oy davomida yomg‘ir yog‘ish ehtimoli kam.

Farg‘ona vodiysida havoning o‘rtacha oylik harorati me’yor atrofida bo‘lib, 24-27 darajani tashkil etadi. Oy davomida harorat kechalari 17-22 darajadan 12-17 darajagacha, kunduz kunlari 32-37 darajadan 27-32 darajagacha o‘zgarib turishi kutilmoqda. Prognozga ko‘ra, oylik yog‘in miqdori me’yordan kam, ba’zi joylarda me’yor atrofida bo‘ladi (me’yor 6-12 mm, tog‘li hududlarda 17-56 mm). Oyning ayrim kunlari qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

“Hozirgi vaqtda kelgusi oy uchun tuziladigan ob-havo ma’lumotlarini tayyorlashning ishonchli usullari yo‘qligi tufayli, ularning aniqligi qish va o‘tish davrlari uchun harorat bo‘yicha 70-75 foizni, yog‘ingarchilik bo‘yicha 55-60 foizni; yozgi mavsum uchun harorat bo‘yicha 83-88 foizni, yog‘ingarchilik bo‘yicha 65-70 foizni tashkil etadi. Buni hisobga olib, oylik ob-havo ma’lumotlarini maslahatomuz deb qabul qilish lozim”, deya qo‘shimcha qilgan Habibullayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, oylik ob-havo ma’lumotlari muntazam ravishda 2-6 kunlik prognozlar bilan yangilanadi.


Maqola muallifi

Teglar

ob-havo

Baholaganlar

441

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing