Iyulgacha Ukraina 6 ta F-16 qiruvchi samolyotini oladi – NYT
Olam
−
11 mart
6331Yoz o‘rtalariga kelib, 12 nafar ukrainalik uchuvchi Daniya, Buyuk Britaniya va AQSHda bo‘lgan 10 oylik mashg‘ulotlardan so‘ng F-16 qiruvchi samolyotlarida jangovar missiyalarni bajarishga tayyor bo‘lishi kutilmoqda. Bundan tashqari, ular front chizig‘iga qaytgunga qadar Ukraina Yevropa ittifoqchilari va’da qilgan 45 ta samolyotdan faqat oltitasini oladi. Bu haqda “The New York Times” gazetasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, kechikishlar sabablari Ukraina parvoz xodimlarini uzoq muddatli o‘qitish jarayoni bilan bog‘liq. Standart F-16 mashg‘ulotlari bilan solishtirganda, ukrainalik uchuvchilarni tayyorlash "chaqmoq tezligida" sodir bo‘lganiga qaramay, hali ham Ukrainaning ittifoqchilari u kutganidek tez harakat qilmayapti.
Nashr eslatishicha, bu qiruvchi samolyotlardan samarali foydalanish uchun sovet samolyotlarida uchishga o‘rgatilgan uchuvchilar avval ingliz tilini puxta egallashi va G‘arb parvoz texnologiyalarini o‘rganishi kerak edi.
Bundan tashqari, Vashington uzoq vaqt davomida Kiyevga qiruvchi samolyotlarni yuborishga rozi bo‘lmadi. AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyatining ta’kidlashicha, F-16 samolyotlari frontdagi vaziyatni o‘zgartira olmaydi, chunki ularni boshqarishni o‘qitish yillar talab qilishi mumkin.
Aytish joizki, ukrainalik uchuvchilarni tayyorlash Daniya janubidagi Skridstrup aviabazasida 2023 yil avgust oyida boshlangan bo‘lib, u yerda harbiylar qo‘shimcha ravishda 50 ga yaqin texnik samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash, shuningdek, qurol to‘plamlari bilan ishlash bo‘yicha o‘qitilmoqda.
“Texniklarni o‘qitish qo‘shimcha kechikishlarga olib kelishi mumkin, chunki bitta F-16 ga texnik xizmat ko‘rsatish uchun 8-14 kishi kerak bo‘ladi. Qiruvchi samolyotlarga xizmat ko‘rsatish uchun yetarli ekipajlar bo‘lmaguncha, G‘arb pudratchilari samolyotlarni Ukrainaga kuzatib borishlari kerak. Bundan tashqari, Ukrainaning eskirgan va urushda shikastlangan uchish-qo‘nish yo‘laklarini ta’mirlash zarurati F-16 ning frontga joylashtirilishini yanada kechiktirishi mumkin”, deb yozadi NYT.
Ma’lumot uchun, Daniya, Niderlandiya, Norvegiya va Belgiya Ukrainaga uchta kichik eskadrilya uchun yetarli bo‘lgan 45 ga yaqin qiruvchi samolyot jo‘natishga va’da bergan. Daniya birinchi oltita F-16 samolyotini bahor oxirida yuboradi, yana 13 tasi yil oxirigacha va 2025 yilda yetib borishi kerak. Boshqa mamlakatlar yetkazib berish sanalari haqida hali qaror qilmagan.
LiveBarchasi