Iyulda “Humo arena”da karate WKF bo‘yicha Osiyo chempionati o‘tkaziladi
Sport
−
19 mart 2019
5580Joriy yilning iyul oyida poytaxt Toshkentdagi “Humo arena” ko‘p tarmoqli sport majmuasida karate WKF bo‘yicha Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi. E’tiborli jihati shundaki, ushbu musobaqa Tokio-2020 Olimpiadasiga litsenziya beradi.
Kecha, 18 mart kuni O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida Osiyo karate federatsiyasining bosh menejeri Vinsent Chen va MOQ prezidenti Umid Ahmadjonov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda aynan shu haqda so‘z borgan. Ahmadjonov O‘zbekistonning Osiyo chempionatini yuqori saviyada qabul qilishiga tayyor ekanligini ma’lum qilib, musobaqalarni o‘tkazish uchun “Humo arena”ni tavsiya qilgan.
“Ishonch bilan ayta olamanki, Osiyo karate federatsiyasi Olimpiadaga litsenziya beradigan Osiyo chempionatini bizga ishonib topshirsa, biz uni yuqori saviyada tashkillashtirib beramiz. Kuni kecha muhtaram yurtboshimiz tashabbuslari bilan yaxshi niyatlarda ko‘p tarmoqli “Humo arena” saroyi ochildi. Qit’a birinchiligini aynan u yerda o‘tkazishimiz ham mumkin. Sizni o‘z infrastrukturamiz bilan ishontira olamanki, biz yana bir bor ushbu turnirga munosib mezbonlik qilishga tayyormiz”, degan Ahmadjonov.
O‘z navbatida Osiyo karate federatsiyasi bosh menejeri Vinsent Chen ham aynan infrastruktura bilan tanishish va shu yuzasidan muzokaralar olib borish maqsadida Toshkentga kelganini ta’kidlagan.
“O‘zbekiston 2012 yili karate WKF bo‘yicha Osiyo chempionatini qabul qilgan va bu boradagi imkoniyatlaringizdan xabardormiz. Biroq oldinda kutib turgan qit’a birinchiligi Tokio-2020 Olimpiadasiga litsenziya berishi bilan yanada katta qiziqishga sabab bo‘ladi. Qit’a chempionatidan avval biz Toshkentda Osiyo karate federatsiyasining navbatdagi Kongressini ham tashkil qilmoqchimiz. Shu bois infrastruktura bilan tanishish, mehmonxonalarni ko‘zdan kechirish, delegatsiyalarni kutib olish jarayoni qay tartibda bo‘lishini o‘rganish niyatida shaxsan o‘zim Toshkentga keldim. Umid qilamanki, bo‘lajak Osiyo chempionati Toshkent uchun unutilmas voqeliklardan biri bo‘lib qoladi”, degan Osiyo karate federatsiyasi vakili.
O‘zaro muzokaralar davomida Toshkent mezbonligida Tokio Olimpiadasining litsenziyalari o‘ynaladigan Osiyo chempionati joriy yilning iyul oyida o‘tishi belgilangan.
LiveBarchasi