Italiyada sayyohlik avtobusi daryoga tushib ketdi. Qurbon bor (video)

Olam

image

Italiyaning Turin shahridagi Vittorio Veneto maydoni yaqinida sayyohlik avtobusi Po daryosiga tushib ketdi. Transport vositasi devorni buzib o‘tib, daryoga qulagan va qisman suv ostiga cho‘kkan. Bu haqda “la Republica” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, avtobusda faqat haydovchi bo‘lgan va u hushsiz holda qutqarib olingan. Shifokorlarning uzoq davom etgan harakatlariga qaramay, u vafot etgan. Hodisa joyiga qutqaruvchilar, jumladan vertolyot ekipaji yetib borgan. Voqea vaqtida boshqa yo‘lovchilar yoki piyodalar jabrlangan bo‘lishi mumkinligi bois qidiruv ishlari olib borilgan, biroq hech kim topilmagan.

Baxtsiz hodisa shaharning tarixiy markaziga yaqin Murazzi hududida sodir bo‘lgan. Campobasso shahridagi Di Carlo Tour xususiy kompaniyasiga tegishli avtobus orqaga harakatlanayotgan paytda baxtsiz hodisaga uchragan. 63 yoshli haydovchi Nikola Di Karlo noto‘g‘ri yo‘ldan ketgani yoki o‘zini yomon his qilgani sababli orqaga harakat qilgani taxmin qilinmoqda. Avtobus harakat davomida uch nafar ayolni urib ketgan, ammo ular jiddiy jarohat olmagan, faqat yengil lat yegan va shifoxonaga olib ketilgan.

Bildirilishicha, voqea joyiga Turin shahri meri Stefano Lo Russo va shahar politsiyasi boshlig‘i Roberto Manyaardi kelgan. Hodisa yuzasidan rasmiy tergov ochilgan. Hozircha ishni Turin shahar politsiyasi olib bormoqda. O‘t o‘chiruvchilar avtobusni suvdan chiqarishi bilan u musodara qilinadi va texnik ekspertiza boshlanadi. Birinchi navbatda tormoz tizimi tekshiriladi. Keyingi tergov ishlari haydovchining o‘lim sabablarini aniqlash va to‘qnashuv paytida u aynan qayerda bo‘lganini aniqlashga qaratiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Braziliyada talabalarni olib ketayotgan avtobusning yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketishi oqibatida 12 kishi halok bo‘lgan edi. Ushbu baxtsiz hodisa mamlakatning San-Paulu shahrida yuz bergan. To‘qnashuv yuk mashinasi haydovchisining boshqaruvni yo‘qotib qo‘yishi tufayli sodir bo‘lgan. Erkak voqea joyidan qochib, politsiyachilardan yashiringan. Keyinroq hibsga olinib, shifoxonaga olib ketilgan.  


Maqola muallifi

Teglar

avtobus Italiya Turin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing