Italiyada ayollar namoyishga chiqdi

Olam

image

Bugun, 8 mart kuni Italiyaning turli shaharlarida ayollar huquqlarini himoya qilish uchun namoyishlar o‘tkazilmoqda. Kasaba uyushmalari asosan transport sohasiga ta’sir qiladigan umummilliy ish tashlash e’lon qildi. Bu haqda Italiyaning “Rai News 24” telekanali xabar berdi.

Qayd etilishicha, ish tashlashlar hozircha jiddiy qiyinchiliklarga olib kelmagan. O‘z huquqlarini himoya qilayotgan ayollar bilan birdamlik belgisi sifatida ayrim tibbiyot xodimlari va o‘qituvchilar ham ishga kelmagan. Biroq bu noodatiy hol emas. Har yili 8 mart kuni Italiyada an’anaviy tarzda namoyishlar va ish tashlashlar bo‘lib o‘tadi, ularda  asosan davlat muassasalarida ishlaydiganlar erkaklar qatnashadi.

Manbaga ko‘ra, Rimda kasaba uyushmalari ittifoqi tomonidan suv va energiya uchun kommunal xizmatlar ko‘rsatuvchi Acyea munitsipal kompaniyasi binosi oldida piket uyushtirilgan. Unda ishtirokchilar ish joyida ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga, ish haqi tengsizligiga va gender kamsitishning har qanday ko‘rinishiga qarshi norozilik bildirgan.

Ta’kidlash joizki, Italiyada bu yil bayram ayollar uchun bir qator katta muvaffaqiyatlar bilan nishonlanadi. Bunga bir nechta sabablar bor. Masalan, o‘tgan yil oxirida Jorjia Meloni saylovlarda g‘alaba qozonib, Italiyaning birinchi ayol Bosh vaziri bo‘ldi. Bir hafta oldin esa muxolifatdagi Demokratik partiyani boshqarish ham ayol kishi qo‘liga o‘tdi. Partiya a’zolarining ichki ovoz berishida Elli Shleyn partiya yetakchisi etib saylandi. Bir necha kun oldin oliy sud – Kassatsiya sudiga ham birinchi ayol – Margerita Kassano rahbarlik qila boshladi.

Biroq ekspertlar boshqaruv organlarida, jumladan parlamentda ham ayollar ozchilikni tashkil etishini ta’kidlagan. Bundan tashqari, so‘nggi statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda ayollar bandligining minimal darajasi Yevropadagi eng past ko‘rsatkichlardan biri sanaladi. Italiyaning 45 ta sport federatsiyasi orasida faqat ikkitasini ayollar boshqaradi. Ayollar uchun davlat ishtirokidagi yirik kompaniyalarga rahbarlik qilish ancha qiyin bo‘lib qolmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Italiya ayollar namoyishi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing