Italiya va Fransiya Ukrainaga havo hujumidan himoyalovchi raketalarni jo‘natadi
Olam
−
28 yanvar 2023
5148Italiya va Fransiya 700 ga yaqin Aster-30 zenit-raketalarini birgalikda sotib olishga kelishib oldi. Bu haqda “Il Messaggero” gazetasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Aster-30 zenit-raketalari mamlakatlar Ukrainaga yetkazib bermoqchi bo‘lgan SAMP-T havo mudofaa tizimlarini jihozlashda foydalaniladi. Biroq barcha raketalarni Kiyevga jo‘natish mo‘ljallanmagan. Ularning bir qismi Italiya va Fransiya arsenallarida qoladi.
Manbaga ko‘ra, Italiya mudofaa vaziri Gido Krosetto kecha, 27 yanvar kuni fransiyalik hamkasbi Sebastyan Lekornu bilan uchrashib, Kiyevga havo hujumidan mudofaa tizimlarini yetkazib berishning texnik tafsilotlarini muhokama qilgan. Shuningdek, muzokaralar davomida yangi SAMP-T akkumulyatorlarini ishlab chiqarish ma’qullangan.
Biroq harbiy idoralar boshliqlarining yig‘ilishidan so‘ng e’lon qilingan yakuniy bildirishnomada SAMP-T’ni jo‘natish haqida so‘z yuritilmagan. Italiya diplomatik manbalariga ko‘ra fransiyaliklar ko‘proq vaqt talab qilishgan. Endilikda yakuniy rasmiy qaror Italiya bosh vaziri Jorj Meloni va Fransiya Prezidenti Emmanuyel Makron tomonidan qabul qilinishi ma’lum qilingan.
Ma’lumot uchun, SAMP-T havo mudofaa tizimi Eurosam konsorsiumi (tadbirkorlar birlashmasi) tomonidan ishlab chiqariladi. Tizim dushmanning dronlardan foydalanish va elektron shovqinlarni hosil qilish imkoniyatini inobatga olgan holda yer usti ob’ektlarini ommaviy havo hujumidan har tomonlama himoya qiladi. Tizimning bitta akkumulyatori narxi taxminan 800 million yevroni tashkil qiladi.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi