Ochiq gaplashaylik: Italiya Bosh vaziri Meloni O‘zbekistonga nimadan umid qilib kelyapti?

Tahlil

image

Dunyoning qudratli 7 davlatini o‘ziga qamrab oluvchi G7 klubi a’zosi, jahondagi eng yirik 8-iqtisodiyotga egalik qiluvchi davlatning hukumat boshlig‘i, amalda mamlakat ichida eng ta’sirchan kuch bo‘lgan Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni O‘zbekistonga kelyapti.

O‘zbekistonning G‘arbiy Yevropadagi birinchi strategik sherigi, Yevropa Ittifoqidagi uchinchi, butun dunyo bo‘yicha esa 11-o‘rinda turuvchi eng yaqin savdo hamkori Italiya bilan tashriflar almashinuvi davom etadi.

Aslida joriy yil aprel oyining so‘nggi kunlarida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Markaziy Osiyo – Italiya birinchi sammiti va Italiya Bosh vaziri Jorjiya Melonining O‘zbekistonga tashrifi Rim papasi Fransiskning vafoti munosabati bilan ortga surilgandi. Italiya o‘sha kunlar davomida papaning dafn marosimiga tayyorgarlik va shu maqsadda dunyoning turli chekkalaridan Rimga tashrif buyurgan siyosiy liderlarni qarshi olish bilan band edi.

Melonining O‘zbekistonga tashrifi va Markaziy Osiyo – Italiya sammiti bir oyga kechikdi. Nihoyat uzoq kutilgan tashrif yaqin soatlardan so‘ng boshlanadi.

Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, bu uchrashuv Shavkat Mirziyoyevning 2023 yil 7-9 iyun kunlari Italiyaga qilgan rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarga muvofiq o‘tkaziladi. Shu onda Prezident Mirziyoyevning bundan 2 yil oldin Italiyaga qilgan safarida qanday kelishuv va natijalar bo‘lgani haqidagi savol o‘rinli. Mirziyoyevning o‘sha tashrifi O‘zbekiston uchun tarixiy. Chunki o‘shanda Italiya rasmiy Toshkentning butun G‘arbiy Yevropadagi ilk strategik hamkoriga aylangan. Ikki o‘rtada qiymati 9 milliard yevroga teng 40 dan ortiq bitim imzolangandi.

Shu bois Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi muzokaralar bundan ikki yil oldingi tashrifning davomi, desak xato emas.

“O‘zbekiston-Italiya strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqiladi. Innovatsion hamkorlik va gumanitar almashinuv loyihalarini ilgari surish ham diqqat markazida bo‘ladi. Yakunda esa ikki tomonlama bitimlar to‘plamini imzolash ko‘zda tutilgan”. Bu – Melonining O‘zbekistonga tashrifi haqida umumiy ma’nodagi rasmiy bayonot. Xo‘sh, Italiya Bosh vaziri Samarqandga ortda qolgan yillar davomida G‘arbiy Yevropa hukumatlarida yaxshi tassurot qoldirgan, 37 millionlik bozorga ega va xavfsizlik nuqtayi nazaridan ko‘pchilikni tashvishlantirayotgan Afg‘oniston bilan eng yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘ygan davlat – O‘zbekistondan nima undirmoqchi?

Ma’lumot o‘rnida, 28-29 may kunlari Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni O‘zbekistonda bo‘lib, Samarqandda muzokara va uchrashuvlar o‘tkazadi. 30 may kuni esa Markaziy Osiyo – Italiya birinchi sammitini o‘tkazish uchun Qozog‘istonga uchib ketadi. Bu bilan Meloni O‘zbekiston yerlarida ikkinchi bor bo‘lishidir. Bundan oldin, aniqrog‘i, 2024 yil 31 iyul kuni u Pekinga qilgan rasmiy tashrifidan so‘ng, qisqa vaqtga Toshkentda to‘xtab o‘tgandi. Italiya hukumat rahbari bilan O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov uchrashib, Prezident Mirziyoyevning salomini yetkazgan.

Italiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi shu kabi yuqori darajadagi tashriflar so‘nggi 3 yil ichida odatiy tusga kirdi. Quyida shu tashriflar xronologiyasi, Rim-Toshkent munosabatlaridagi katta tanaffusdan keyin qaytadan jonlangan yaqin aloqalar haqida so‘z boradi.

Bordi-keldilar

Italiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi diplomatik aloqalar 1992 yilda o‘rnatilgan bo‘lib, o‘zaro munosabatlar bugunga kelib, 33 yillik tarixga ega. Ammo Yevropa sivilizatsiyasi o‘choqlaridan biri bo‘lgan Italiyaning O‘zbekiston bilan har qachongidanda yaqin aloqalari starti 2023 yilning ikkinchi choragiga borib taqaladi. O‘sha paytdan boshlab Rim va Toshkentning yuqori martabali muzolimlari o‘rtasida uchrashuvlar ko‘paydi. Bu 2023 yil 26 aprel kuni Italiya Mudofaa vaziri Gvido Krozettoning O‘zbekistonga tashrifi bilan boshlandi. U avval Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan qator uchrashuvlarini yakunlashdan oldin, o‘sha paytdagi Mudofaa vaziri General Bahodir Qurbonov va O‘zbekistonning uzoq yillik sobiq Tashqi ishlar vaziri, ayni damda esa Prezidentining tashqi siyosat bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov bilan uchrashdi. Italiya Mudofaa vazirining ushbu tashrifi Prezident Shavkat Mirziyoyevning iyun oyida Italiyaga bo‘ladigan tashrifiga tayyorgarlik bosqichi bo‘lgandi. 

“Jamestown” tadqiqot markazi rasmiy Toshkentning Krozetto bilan uchrashgan tarkibining darajasi yuqori ekaniga e’tibor qaratib, mazkur tashrif xavfsizlik va mudofaa masalalari bo‘yicha ancha jiddiy ahamiyatga ega bo‘lganini o‘rtaga tashlagandi. Tahlil markazlari ekstremizm va diniy radikalizmga qarshi kurashdan tortib, xalqaro terrorizm va boshqa transmilliy tahdidlargacha bo‘lgan qator xalqaro xavfsizlik masalalari bo‘yicha O‘zbekiston va Italiya turli mintaqalarda joylashganiga qaramay, bir xil tashvishlarga egaligini urg‘ulagan.

Shundan so‘ng mazkur munosabatlar fonida bordi-keldilar uzluksiz davom etdi. Jumladan, 2023 yil 8 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Italiyaga rasmiy tashrif bilan bordi. U Rimdagi Kiji saroyida Bosh vazir Meloni bilan muzokaralar o‘tkazdi. Shuningdek, tashrif davomida Italiya Prezidenti Serdjo Mattarella va Tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani bilan ham uchrashuvlar bo‘lib o‘tgan. Ushbu tashrifda nafaqat ikki mamlakatning iqtisodiy aloqalari, balki bundan biroz oldin O‘zbekistonda muhokama qilingan mudofaa sohasidagi aloqalarni chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. O‘zbekiston-Italiya biznes-forumida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari tomonidan umumiy qiymati 9 milliard yevroga teng 40 dan ortiq bitim imzolangani, Italiya rahbariyati O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga kirishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini bildirgani Rim va Toshkent orasida iliq shamol esayotganining daragi edi. Ammo O‘zbekiston Prezidentining 2023 yil iyun oyida Italiyaga qilgan ushbu tashrifi barcha jihatlardanda ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasida strategik sheriklik bitimi imzolangani bilan yodda qoldi. Italiya G‘arbiy Yevropa miqyosida O‘zbekistonning shunday yuqori darajadagi ilk hamkoriga aylandi. 

Keyingi tashriflar mobaynida esa shu sheriklik aloqalarini kengaytirish masalalari ko‘tarildi. Xususan, Prezident Mirziyoyevning Italiyaga tashrifidan 5 oy o‘tar-o‘tmas Italiya Prezidenti Serdjo Mattarella O‘zbekistonga keldi. Unga bu tashrifda qizi Laura Matarella hamrohlik qilgandi. 2023 yil 10 noyabr kuni poytaxtda ikki tomonlama strategik sheriklik va ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha ko‘p qirrali munosabatlarni yanada kengaytirish masalalari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi. Mattarella O‘zbekistonga uch kunlik tashrifni amalga oshirib, Toshkent, Samarqand va Xivada bo‘ldi. Bu Italiya Prezidenti maqomidagi shaxsning O‘zbekistonga 20 yildan ortiq vaqt ichida qilgan birinchi tashrifi edi. Bu paytga kelib, O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi tovar aylanmasi 30 foizga o‘sgan holda, 2023 yil yanvar-sentyabr oylarida tovar ayirboshlash hajmi 379,2 million dollarni tashqil qilgandi.

Yirik bozor, yangi energetik irmoq va xavfsizlik – Italiyaning O‘zbekistondagi nishonlari

Markaziy Osiyo dunyo shaxmat doskasida har doim muhim rol o‘ynagan. Mintaqa Eksport bozori, arzon logistika, arzon ishchi kuchi hamda Afg‘oniston masalalari bo‘yicha Rossiya, Xitoy va AQSH kabi yirik mamlakatlar uchun ahamiyatlidir. Ikki o‘rtada munosabatlar ancha oldinroq o‘rnatilgan bo‘lsa-da, Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan so‘ng, Putindan gaz sotib olishni istamagan Yevropa Ittifoqi ham Markaziy Osiyoga avvalgidan ko‘ra ko‘proq qiziqishni boshladi. Turli darajadagi uchrashuvlar, sammitlar va “1+5” siyosati shular jumlasidan.

Yuqoridan qaralsa, Yevropa Ittifoqi davlatlari o‘rtasida Fransiya va Italiyaning Markaziy Osiyoga nisbatan yuritayotgan siyosati ancha o‘xshash, ammo alohida manfaatlarni ko‘zlayotgani ko‘rinadi. Tramp hokimiyat tepasiga kelgach, geosiyosiy vaziyat ancha o‘zgarib, Yelisey saroyida Oq uyga bo‘lgan ishonch ancha pasaygani ortidan Fransiya yangi hamkorlik tashabbuslariga e’tibor qaratishni boshladi.

Fransuzlar o‘ziga boshqa resurslar markazini qidirishni jadallashtirdi va asosiy manfaatni uran xomashyosi atrofida ko‘rdi. Italiya esa ittifoqdoshi kabi o‘z manfaatlari asosida yurishni davom ettirar ekan, mazkur davlatni ko‘proq energetika va mudofaa faktorlari qiziqtirmoqda.

Italiya uchun Markaziy Osiyo energiya xavfsizligi masalasida ustuvor o‘rin tutadi. Masalan, Rim O‘zbekistonga qo‘shni bo‘lgan Turkmaniston bilan energiya resurlari borasida ancha yaxshi aloqalarga ega. O‘zbekiston ham energiya resurslari jihatidan Markaziy Osiyodagi muhim davlatlardan biridir.

Tabiiy gaz zaxiralari bo‘yicha O‘zbekiston MDH davlatlari ichida yuqori o‘rinda turadi. So‘nggi yillarda gaz hajmi 1,8 trillion kub metr atrofida bo‘lgani qayd etilgan. Uning eksporti esa asosan Xitoyga yo‘naltirilgan. Shuningdek, ko‘mir 2 milliard tonna atrofida, neft esa ichki talabni qondirish uchun importga tayanadigan ahvolda. Uran esa bu borada alohida masala. Shu bois Italiya va Fransiya Markaziy Osiyo energetikasida oxirgi paytlarda istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga umid qilib keladi.

Import va eksport

Hozirda ikki davlat oldi-berdilarida asosan, O‘zbekiston importchi, Italiya esa eksportchi rolida qolmoqda. Yevropa davlati O‘zbekistondan asosan, trikotaj, mis, paxta va mineral xomashyo kabilarni import qilmoqda. O‘zbekiston esa Italiyadan asosan, sanoat uskunalari va ishlab chiqarish liniyalari, elektr dvigatellari, maishiy texnika, tibbiy uskunalar va dori-darmon mahsulotlari kabilarni xarid qiladi.

Ammo e’tibor qaratish kerak bo‘lgan jihat eksport importdagi juda katta farqda. Masalan, “Trading Economics” jurnali ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda mamlakatning Italiyaga eksport qiymati 85 million AQSH dollariga yaqinlashgan bo‘lsa, undan qilinayotgan import qiymati ancha katta – 500 million AQSH dollari atrofida.

Eksportning importdan 6 barobar ko‘pligi Italiya O‘zbekistonni o‘z mahsulotlari uchun qo‘shimcha bozor sifatida ko‘rishini anglatadi. Ustiga ustak O‘zbekiston aholisi 38 millionga yaqinlashib, butun Markaziy Osiyodagi aholining 45 foizini tashkil qiladi. Bu mintaqadagi iste’mol bozori hajmining deyarli yarmi degani.

Afg‘oniston masalasida hamkorlik

Italiya uchun nafaqat mintaqadagi, balki dunyodagi yirik gazi zaxiralardan biriga egalik qiluvchi Turkmaniston va mudofaa masalalarida yaxshi hamkor deb ko‘rinayotgan Qozog‘iston hamda energetik, turli tovar aylanmalari, qolaversa, Afg‘oniston masalasida hamkorlikka tayyor O‘zbekiston ayniqsa, muhim.

Masalan, 2021 yilda Toshkent va boshqa qo‘shni mamlakatlar yordami bilan Rim Qobuldan 5 mingga yaqin afg‘on fuqarosini evakuatsiya qildi – bu Yevropa Ittifoqidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Shuningdek, Afg‘onistonga gumanitar yordam kiritishda Italiya uchun Termiz logistika markazi katta rol o‘ynadi.

“Italiya BMT doirasida Afg‘oniston bo‘yicha Xalqaro muzokaralar guruhini tuzishda O‘zbekiston tashabbusini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu tashabbus barcha manfaatdor davlatlar sa’y-harakatlarini birlashtirish, inson huquqlari, ijtimoiy-iqtisodiy yordam, Afg‘onistonni mintaqaviy iqtisodiy aloqalarga jalb qilish, terrorizm va narkobiznesga qarshi kurash masalalarida yagona siyosat ishlab chiqishga xizmat qiladi”, deydi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bosh ilmiy xodimi Shahnoza Qodirova.

O‘zbekiston G‘arb ishonchidami?

Italiya uchun mintaqaviy ta’sirga ega bo‘lgan Markaziy Osiyodagi hukumatlar, xususan, Toshkent va Ostona bilan hamkorlik qilish geosiyosiy ta’sirdan tortib, iqtisodiy diversifikatsiyagacha bo‘lgan masalarda har tomonlama manfaatli. Ayniqsa, Markaziy Osiyo “darvozasi” hisoblanadigan O‘zbekiston bunda juda muhim figura bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston geosiyosiy, demografik va harbiy sabablarga ko‘ra Markaziy Osiyo dinamikasida hal qiluvchi rol o‘ynashi ko‘pchilikka ma’lum. Rasmiy Toshkentning so‘nggi yillardagi pragmatik siyosati esa xalqaro hamkorlar uchun kuchli ishonch bazasini yaratdi. Jumladan, Moskva eng yirik ikki savdo hamkordan biri bo‘lishiga qaramay, Toshkent Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlangan ilk kunlardanoq Donetsk va Luganskdagi Rossiya ta’siri ostida bo‘lgan ayirmachilarning ajralib chiqishini tan olmasligini ochiq tarzda, mamlakatdagi eng yuqori siyosiy insistutlardan biri hisoblanadigan Senatda, Tashqi ishlar vaziri tilidan e’lon qildi.

Bundan tashqari, so‘nggi paytlarda Markaziy Osiyo va boshqa mintaqalardagi turkiy davlatlar uchun “katta og‘a”ga aylanishga harakat qilgan Turkiya bilan ham faqat o‘zaro manfaatli siyosat olib borilishi Samarqandda o‘tkazilgan Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyoning ilk sammitida BMTning Shimoliy Kipr Turk Respublikasini tan olmaslik va u bilan har qanday shaklda hamkorlik qilmaslik to‘g‘risidagi ikki rezolyutsiyasiga amal qilish orqali tasdiqlandi. Shu nuqtayi nazardan O‘zbekiston G‘arbiy yarimshar ko‘z o‘ngida tashqi bosimlardan holi, faqat milliy manfaatlar yuzasidan hamkorlik qilishga ochiq va pragmatik siyosiy yo‘lga ega mamlakat sifatida gavdalangan bo‘lishi mumkin. Buni oxirgi yillarda Yevropadagi ikki sentrist mamlakat hisoblanmish Fransiya va Italiyaning O‘zbekistonga yaqinlashuvidan ham ilg‘ash qiyin emas.

Rossiyaning Ukrainadagi tajovuzi butun postsovet hududida, ayniqsa, Markaziy Osiyoda sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Mintaqaviy davlatlar Rossiya imperializmidan xavotirda. Bundan tashqari, Rossiyaning Ukrainadagi yomon harbiy ko‘rsatkichlari Moskva endi ishonchli strategik aktyor emasligini ko‘rsatadi. Shunday qilib, aloqalarni bir kechada uzish mumkin bo‘lmasa-da, Markaziy Osiyoning ko‘plab mamlakatlari o‘zlarining ustuvorliklari va variantlarini qayta ko‘rib chiqmoqdalar. Biroq, Markaziy Osiyoda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki Yevropa Ittifoqi bayrog‘i ostida Italiyaning harbiy ishtirokini tasavvur qilish qiyin, chunki Yevropa Ittifoqi ham uning roli juda cheklangan bo‘lgan sohada katta harbiy va xavfsizlik majburiyatlarini o‘z zimmasiga olmaydi. Ehtimol, Italiya sanoat kooperatsiyasi va mudofaa sohasida ishonchli sherik bo‘lishi mumkin.

Italiya uchun potensial muammolardan biri – bu Markaziy Osiyo geografik joylashuviga ko‘ra, boshqa qator yirik siyosiy o‘yinchilar orasida qolib ketganidir. Xitoy va Rossiyaning ta’siri shular jumlasidan. Biroq Rossiya tomonidan qilinadigan muttasil noteng munosabat, xususan O‘zbekiston suverenitetini mensimaslik, ichki ishlarga “burun suqish” holatlari, ochiqdan ochiq tahdidiy ritorikalar, mansabdorlar o‘rtasidagi munosabatlarda kamsitish harakatlari (Lavrov va Saidov voqeasi) va “SSSRning hali mavjudligi” haqidagi afsonalar fonida o‘rtadagi iliq munosabatlarning harorati o‘zgarib borishi tabiiy.

Bundan tashqari, Xitoyning Fransiyadagi elchisi 2023 yilgi intervyusida Sobiq Sovet Ittifoqidan ajralib chiqqan mamlakatlarning mustaqilligini so‘roq ostiga olishi rasmiy Toshkentni xushyorlikka chorlashi hamda dunyo bo‘yicha keng miqyosda hamkorlar qidirishga undashi lozim. Yevropa Ittifoqi, jumladan Italiya bilan yaqin aloqalar shu sharoitda yetilgan bo‘lsa ham ajab emas.

Italiya va O‘zbekistonning bugungi yaqinligi

Joriy yil 3-4 aprel kuni o‘tkazilgan Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo sammiti arafasida Italiyaning mashhur “La Repubblica” gazetasida O‘zbekiston haqida maqola chop etildi. Unda O‘zbekiston-Italiya o‘rtasidagi iqtisodiy va madaniy aloqalar, rasmiy Toshkentning mintaqaviy ahamiyati yoritildi. Maqolada O‘zbekiston va Italiya xalqaro hamkorlik, iqtisodiy, madaniy va gumanitar aloqalarni chuqurlashtirishning ajoyib namunasi ekani ta’kidlandi. Iqtisodiy jihatdan qator progressiv ko‘rsatkichlar qayd etildi. Unga ko‘ra, 2023 yil yakunlariga borib, Italiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar aylanmasi 1 milliard 381 million dollardan oshgan. Bu esa o‘tgan davrga nisbatan 157,5 million dollarga yuqorilashni ifoda etadi. Italiya gazetasida ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonda Italiya sarmoyasi ishtirokidagi 54 ta qo‘shma korxona, shu jumladan ichimliklar, parfyumeriya, to‘qimachilik va paxtani qayta ishlash kabi sohalarda Italiyaga qarashli 35 ta korxona mavjud.

Ta’lim sohasida ham hamkorlikda oldinga siljish borligi, Prezident Shavkat Mirziyoyev va Italiya Prezidenti Serdjo Mattarellaning o‘zaro tashriflaridan so‘ng tashkil etilgan tadbirlar madaniy va ilmiy aloqalarni mustahkamlagani qay etilgan. Shu jumladan, talabalar almashinuvi va qo‘shma tashabbuslarni kengaytirib, yangi shartnomalar imzolanishi eslab o‘tilgan. Madaniy sohada yana Italiyada joylashgan Florensiyadagi Strotssi saroyi va Milliy Sharq san’ati muzeyida Boburnomaning birinchi italyancha tarjimasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. 

Bundan tashqari, O‘zbekiston va Italiya Yevropa Ittifoqi-Markaziy Osiyo muloqotini rivojlantirishda, qishloq xo‘jaligi, sanoat va atrof-muhit sohalarida qo‘shma loyihalarni ilgari surishda muhim rol o‘ynaydi. Shuningdek, italiyalik tadbirkorlarni O‘zbekistonning kelajagi sifatida ko‘riladigan va mamlakatning suv bilan chegaralanmaganini kompensatsiya qiluvchi Trans-Kaspiy transport yo‘lagini rivojlantirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Yana bir eng muhim jihatlardan biri – bu Italiya va O‘zbekiston o‘rtasida turizm bo‘yicha aloqalardir. Dunyo miqyosida turizm salohiyati va mamlakatga tashrif buyuruvchilar soni bo‘yicha 5-o‘rinda turuvchi Italiya bilan turizmdagi hamkorlik tarixiy obidalarga boy va mintaqadagi umumtarixning qoq markazi bo‘lgan O‘zbekiston uchun ayni muddao bo‘ladi. Ma’lumot uchun, Italiyaga har yili o‘rtacha 60 millionga yaqin sayyoh tashrif buyuradi. O‘zbekistonda esa bu ko‘rsatkich 2024 yil hisob-kitoblariga ko‘ra, 8 milliondan ortiqni tashkil qiladi. Joriy yilda esa bu raqamlar 11 milliongacha oshirilishi maqsad qilingan.

Agar 2017 yil bilan solishtirilsa, bu miqdor 8 yil ichida 4 barobarga oshgan. Turistlar sonining 8 yil ichida 2,5 milliondan 10 millionga oshishi bu sohada O‘zbekistonning salohiyati katta tezlikda namoyon bo‘layotganidan dalolat beradi. Ammo xorijdan sayohat uchun tashrif buyuruvchilar bilan munosabat, qonunchilikdagi kamchiliklar va infratuzilmadagi muammolar turizm rivojidagi asosiy to‘siq bo‘lib kelmoqda. Misol uchun, xavfsizlik vaji bilan dronlarga ruxsat bermaslik, yo‘llardagi nosozliklar va boshqa shu kabi bartaraf etilmagan muammolar mavjud.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Samarqand O'zbekiston Italiya Jorjiya Meloni

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing