Shavkat Mirziyoyev o‘zbekistonliklarni tabrikladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat xalqini 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan tabrikladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

“Siz, azizlarni, ko‘p millatli butun xalqimizni qutlug‘ ayyom – Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk g‘alabaning 81 yillik bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Ushbu unutilmas kunda, avvalo, jang maydonlarida tengsiz jasorat ko‘rsatib, insoniyatni fashizm balosidan xalos etishga munosib hissa qo‘shgan qahramon ota-bobolarimizning so‘nmas xotirasi oldida bosh egib, ta’zim qilamiz. Bugungi kunda oramizda sog‘-omon yashab kelayotgan urush va mehnat faxriylari, nuroniy otaxon va onaxonlarimizga yuksak ehtiromimizni izhor etamiz.

Mustaqillik yillarida Vatanimiz sarhadlari daxlsizligini saqlash, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini himoya qilish yo‘lida mardlarcha halok bo‘lgan azmu shijoatli harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xotirasini mehr va hurmat bilan yodga olamiz”, deyiladi tabrik xatida.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning fashizmga qarshi kurashdagi hissasini e’tirof etgan. 

“El-yurtimiz fashizmga qarshi kurashda dunyodagi barcha tinchliksevar xalqlar bilan bir safda turib, buyuk g‘alabaga munosib hissa qo‘shdi. Bu bilan har qancha faxrlansak, g‘ururlansak arziydi. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, fashizmga qarshi urushda o‘sha davrda 6 million 800 ming kishidan iborat bo‘lgan respublikamiz aholisining 1 million 950 ming nafari ishtirok etgan. Shundan yarim milliondan ziyod kishi jang maydonlarida halok bo‘lib, 158 mingdan ko‘prog‘i bedarak yo‘qolgan, 60 ming nafardan ortiq vatandoshimiz esa nogiron bo‘lib qaytgan. Oradan shuncha yil o‘tgan bo‘lsa-da, bu ayanchli raqamlar qalblarimizni hali ham iztirobga soladi”, deydi Prezident.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev urush davrida 214 ming nafar o‘zbekistonlik askar va ofitserlar jangovar orden va medallar bilan taqdirlangan bo‘lsa, ularning 301 nafari eng oliy nishon – Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga sazovor bo‘lgani, 70 nafar o‘zbekistonlik esa uchala darajadagi “Slava” ordeni bilan mukofotlanganini qayd etgan.

“O‘sha olovli yillarda xalqimiz “Hamma narsa front uchun, hamma narsa g‘alaba uchun!” deb kechayu kunduz buyuk safarbarlik ruhi bilan yashadi. O‘zbekiston frontning mustahkam ta’minot bazasiga aylandi. Insonparvarlikni buyuk qadriyatga aylantirgan xalqimiz urush hududlaridan ko‘chirib keltirilgan 1 million 500 mingdan ortiq insonga, jumladan, ota-onasi va oilasidan judo bo‘lgan 250 ming nafar bolaga boshpana berib, ularga mehr-oqibat ko‘rsatdi”, deydi O‘zbekiston yetakchisi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Prezidenti Toshkent shahridagi G‘alaba bog‘i hamda uning tarkibidagi “Xotira nuri” va “Millat  fidoyilari” yodgorlik komplekslari xalq uchun tabarruk maskanlarga aylanib borayotganini bildirgan.

“G‘olib va muzaffar ota-bobolarimizning Vatanimiz ozodligi va xalqimiz osoyishtaligi himoyasi yo‘lidagi ibratli faoliyatini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish bo‘yicha biz ko‘plab ishlarni amalga oshirmoqdamiz. Ayniqsa, keyingi yillarda Toshkent shahrida bunyod etilgan G‘alaba bog‘i hamda uning tarkibidagi “Xotira nuri” va “Millat fidoyilari” yodgorlik komplekslari xalqimiz uchun tabarruk maskanlarga aylanib bormoqda.

Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, xususan, urush va mehnat faxriylari, keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning sog‘lom va mazmunli hayot kechirishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga qaratilgan ishlarimiz izchil davom ettirilmoqda. Bu haqda so‘z yuritganda, joriy yilda bayram munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga 30 million so‘m miqdorida pul mukofotlari berilganini ta’kidlash lozim. Urush qatnashchilari va nogironlari, mehnat faxriylarining salomatligini muhofaza qilish, ularni sanatoriylar, dam olish maskanlariga bepul va imtiyozli asosda yuborish bo‘yicha samarali tizim faoliyat ko‘rsatmoqda.

Ushbu munavvar ayyom kunlarida joylardagi hokimliklar, jamoatchilik va yoshlar vakillari urush va mehnat faxriylari, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning xonadonlarida bo‘lib, oila a’zolarining holidan xabar olib, ularga yuksak hurmat va ehtirom ko‘rsatmoqda.

Mamlakatimiz bo‘ylab “Burch, jasorat, matonat!” shiori ostida xotira marosimlari, madaniy tadbirlar, uch avlod uchrashuvlari, ommaviy sport musobaqalari o‘tkazilmoqda”, deyiladi tabrikda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston yetakchisi hozirgi murakkab davrda mamlakat mustaqilligini, xalq osoyishtaligini asrash hal qiluvchi vazifa bo‘lib qolayotganini qayd etgan.

“Bugungi g‘oyat tahlikali zamonning o‘zi barchamizdan jamiyatimizdagi tinchlik va barqarorlik, millatlar va diniy konfessiyalar o‘rtasidagi do‘stlik va totuvlik muhitini yanada qadrlab yashashni talab etmoqda.

Hech qachon unutmaylik, milliy birlik va hamjihatlik – bizning bebaho boyligimiz, barcha yutuq va g‘alabalarimizning mustahkam asosidir.

Hozirgi murakkab davrda Vatanimiz mustaqilligini, xalqimiz osoyishtaligini asrash, iqtisodiy qudratimiz, Qurolli Kuchlarimiz salohiyatini oshirish, jahon hamjamiyati, avvalo, qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni zararli ta’sirlardan himoya qilish biz uchun hal qiluvchi vazifa bo‘lib qolmoqda. Ishonchim komil, bu borada 81 yil oldin g‘alaba bayrog‘ini jahon uzra baland ko‘tarishga munosib hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning, xalqimizning mardlik va matonat maktabi bizga madadkor kuch bo‘lib xizmat qiladi.

Fursatdan foydalanib, fashizm balosini bartaraf etishda jonbozlik ko‘rsatgan qardosh xalqlarni, barcha ezgu niyatli insonlarni bugungi shonli bayram bilan samimiy tabriklab, ularga barqaror taraqqiyot va farovonlik tilaymiz.

Sizlarni, hurmatli faxriylarimizni, butun el-yurtimizni yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga tinchlik va xotirjamlik, fayzu baraka tilayman. Mehnatkash va donishmand xalqimiz hamisha omon bo‘lsin! Ezgu ishlarimizda Yaratganning o‘zi qo‘llab-quvvatlasin! Xotira va qadrlash ayyomi barchamizga muborak bo‘lsin!” deydi O‘zbekiston Prezidenti.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Xotira va qadrlash kuni

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing