Italiya Rossiyani Olimpiada veb-saytlariga kiberhujumlarda aybladi
Sport
−
11:07 334 1 daqiqa
Italiya tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani mamlakat hukumat idoralari Olimpiya o‘yinlari bilan bog‘liq veb-saytlarga uyushtirilgan bir qator kiberhujumlarni qaytarganini ma’lum qildi. Bu haqda “Deutsche Welle” nashri xabar berdi.
Tayanining so‘zlariga ko‘ra, hujumlar Italiya Tashqi ishlar vazirligining ayrim bo‘linmalariga, shuningdek, Vashingtondagi diplomatik idoraga ham qaratilgan.
AQSH poytaxtiga yo‘l olayotgan jurnalistlar bilan suhbatda vazir xakerlik urinishlari “Rossiyadan kelib chiqqanini” ta’kidladi, biroq qo‘shimcha tafsilotlarni ochiqlamadi. Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi hozircha mazkur holat yuzasidan rasmiy izoh bermagan.
Shu bilan birga, Rossiya bilan aloqador deb hisoblanadigan Noname057 xakerlar guruhi kiberhujumlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan.
Guruhga aloqador deb taxmin qilingan Telegram-kanalda Italiya hukumatining Ukrainani qo‘llab-quvvatlovchi siyosati sabab, “DDoS hujumlari orqali javob berilayotgani” ta’kidlangan.
Italiya Ichki ishlar vaziri Matteo Pyantedozi esa parlamentdagi nutqida xavfsizlik choralariga to‘xtaldi. Unga ko‘ra, 6000 nafar huquq-tartibot xodimi – jumladan, snayperlar, portlovchi moddalarni zararsizlantirish mutaxassislari hamda terrorizmga qarshi kurash bo‘linmalari – Milan va Dolomit tog‘larigacha bo‘lgan Olimpiya ob’ektlarida xavfsizlikni ta’minlaydi.
Live
Barchasi