Italiya Rossiya oligarxlarining qancha boyligini muzlatib qo‘ygani ochiqlandi
Olam
−
22 mart 2022
9129Italiya Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida qolgan rossiyalik oligarxlarning umumiy qiymati 800 million yevrodan ortiq aktivlarini muzlatib qo‘ydi. Bu haqda Italiya Bosh vaziri Mario Dragi ma’lum qildi.
“Biz sheriklarimiz bilan kelishib olgan sanksiyalar Rossiya hukumatini jangovar harakatlarni to‘xtatishga, jiddiy va samimiy muzokaralar stoliga o‘tqazishga qaratilgan. Bizni bo‘lmoqchi bo‘lgan Rossiyadan oldin biz Yevropa Ittifoqi va NATO sifatida birdamlik ko‘rsatdik. Bu sanksiyalar Rossiya iqtisodiyoti, moliyaviy bozorlar va Prezident Putinga yaqin odamlarning shaxsiy boyliklariga qattiq zarba berdi. Italiyada Yevropa Ittifoqi ro‘yxatidagi oligarxlarning 800 million yevrodan ortiq mol-mulkini muzlatib qo‘ydik”, degan u.
Dragiga ko‘ra, Italiya Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga kirishini qo‘llab-quvvatlaydi.
“Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish yo‘li uzoq va samarali integratsiyani ta’minlash uchun zarur bo‘lgan islohotlardan iborat. Prezident Zelenskiyga aytmoqchimanki, Italiya bu jarayonda Ukraina bilan yonma-yon ketmoqda”, deydi Italiya Bosh vaziri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina nafaqat o‘zini, balki “qoida va huquqlarga asoslangan ko‘p tomonlama tartibni” himoya qilmoqda. Dragining ta’kidlashicha, Ukraina xalqi Rossiyaning “ekspansionistik kayfiyatini” to‘xtata olgan.
Ma’lumot o‘rnida, mart oyining boshidan beri Italiya Moliya gvardiyasi sanksiyalar ostida qolgan rossiyalik tadbirkorlarning turar-joy ko‘chmas mulklari, kompaniyalari, yaxtalari va avtomobillarini hibsga olgan. Ro‘yxatga oxirgi bo‘lib “Severstal” egasi Aleksey Mordashovga tegishli Sardiniyadagi villa qo‘shilgan. Mulkning qiymati taxminan 105 million yevroni tashkil qiladi. Shuningdek, Moliya gvardiyasi tadbirkorlar Alisher Usmonov, Oleg Savchenko, Pyotr Aven, Gennadiy Timchenko, shuningdek, teleboshlovchi Vladimir Solovyovning aktivlarini muzlatib qo‘ygan.
LiveBarchasi