Istiqbolli rahbarlar TOP-40 ro‘yxati e’lon qilindi. Ularning bor-yo‘g‘i 4 nafari ayollar

Jamiyat 6534
image

“Yuksalish” umummilliy harakati mamlakat 40 yoshgacha bo‘lgan istiqbolli  rahbarlar TOP: 40 ro‘yxatini e’lon qildi. Qayd etilishicha, ushbu ryxat Ijtimoiy va iqtisodiy tashabbuslar instituti bilan hamkorlikda tuzilgan bo‘lib, unga 26 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan o‘zbekistonlik yosh kadrlar kiritildi. Qizig‘i shundaki, “Yuksalish”ning nuqtayi nazariga ko‘ra, mamlakatda 40 yoshgacha bo‘lgan istiqbolli rahbarlar orasida ayollar bor-yo‘g‘i 4 nafarni yoki 10 foizni tashkil etadi. Ro‘yxatda o‘rin olgan 36 kishi esa erkaklar. 

Ro‘yxatga Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ijrochi direktori Gayane Umerova, Toshkent xalqaro arbitraj markazi direktori Diana Bayzakova, Yoshlar ishlari agentligi direktori o‘rinbosari Dilnoza Kattaxonova hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori Hilola Umarova kiritilgan. 

2019 yilda tuzilgan 40 yoshgacha bo‘lgan istiqbolli  rahbarlar TOP: 35 ro‘yxatiga esa bor-yo‘g‘i 3 nafar ayol kiritilgan edi. Ularning bir nafari – Gayane Umerova joriy yildagi ro‘yxatga ham qo‘shilgan. Shunday qilib o‘tgan yilgi ro‘yxatda Umerovadan tashqari ikki ayolning nomi keltirilgandi. Bular: 

•    Gulnoza Ismoilova – Markaziy saylov komissiyasi a’zosi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti prorektori;

•    Saida Mirziyoyeva – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari.

Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, "Yuksalish" tomonidan bir necha oy avval tuzilgan rahbar ayollar TOP-35 ro‘yxatida ham 40 yoshgacha bo‘lgan rahbar ayollar 6 nafarligi o‘z aksini topgan. Ular orasida keyingi ro‘yxatlarda takrorlangan nomlar (Saida Mirziyoyeva, Dilnoza Kattaxonova, Gayane Umerova, Diana Bayzakova) bor. 

O‘tgan yillarda O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash borasida haqiqatan ham aytishga arzigulik sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Ammo bularning ko‘plari muammolar va ayollarga nisbatan haqiqiy munosabat fonida qolib ketayotgandek. Senat raisi ayol bo‘lgan, ayrim hokimlar ham ayollar orasidan tanlangani mamlakatdagi umumiy vaziyatni o‘zida aks ettira olmaydi. Istiqbolli rahbarlar qatorida bor-yo‘g‘i 10 foiz ayollar istiqboliga ishonch bildirilishi asl vaziyatdan so‘z ochayotgandir, balki. 

Qayd etilishicha, joriy yilda ekspertlar tomonidan 100 nafar nomzodlar orasidan (o‘tgan yili 60 nafar) yangilangan ro‘yxat shakllantirilgan. Bu gal ular orasidan 40 nafar nomzod tanlangan. Bunda nomzodlarning yoshi, ma’lumoti, kasb yo‘li, jamoatchilik orasida tanilganlik, ularning islohotlar jarayonida ishtirok etish va ta’sir darajasi inobatga olingan.

Yangi reytingga birinchi marta kiritilganlar:

•    A’zam Ikromov, Davlat statistika qo‘mitasi raisi o‘rinbosari; 

•    Akmalxon Ortiqov, iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari;

•    Bekzod Mavlonov, Prezident administratsiyasining Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish departamenti rahbari;

•    Bobur Obdinazarov, iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri o‘rinbosari;

•    Botir Zohidov, Markaziy bank raisi birinchi o‘rinbosari — Boshqaruv raisi;

•    Diana Bayzakova, Xalqaro arbitraj markazi direktori;

•    Dilshod Saidjonov, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari;

•    Dilnozaxon Kattaxanova, Yoshlar ishlari agentligi direktori o‘rinbosari;

•    Jamshid O‘runov, Biznes-ombudsman o‘rinbosari;

•    Ilhom Norqulov, iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari;

•    Oleg Pekos, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari;

•    Olimjon To‘ychiyev, innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari

•    Otabek Hasanov, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari;

•    Rustam Karimjonov, xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari;

•    Sardor Kariyev, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori; 

•    Tursunboy Maxkamov, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori birinchi o‘rinbosari;

•    Usmon Sharifxo‘jayev, xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari;

•    Hilola Umarova, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori;

•    Farhod Ibragimov, Toshkentdagi IT-park direktori;

•    Xudoyor Meliyev, adliya vaziri o‘rinbosari;

•    Shodiyor Mamatqulov, maktabgacha ta’lim vaziri o‘rinbosari.  

Qalampir.uz Tahririyati
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 46
Reyting: 3
t
×