Istanbuldagi tungi klubda yong‘in chiqishi oqibatida 29 kishi halok bo‘ldi

Olam

image

Kecha, 2 aprel kuni Turkiyaning Istanbul viloyati Shishli tumanidagi 16 qavatli turarjoy binosida yong‘in yuz berdi va oqibatda 29 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Istanbul gubernatorligi ma’lum qildi.

Bildirilishicha, yana bir kishi og‘ir ahvolda shifoxonada qolmoqda.

Ayrim guvohlarning xabar berishicha, yong‘indan oldin portlashlar ovozi eshitilgan. Biroq rasmiylar buni hali tasdiqlaganicha yo‘q. 

Yong‘in binoning birinchi qavatida joylashgan tungi klubda sodir bo‘lgan, klub Ramazon oyi munosabati bilan faoliyat yuritmayotgan bo‘lib, ta’mirlash ishlari olib borilayotganligi ma’lum qilindi. Qurbonlarning aksariyati ham tungi klub joylashgan va yong‘in boshlangan yerto‘lada qurilish ishlarini olib borayotgan ishchilar hisoblanadi.

“Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in binoning birinchi qavatida faoliyat yurituvchi “Maskarad” ko‘ngilochar markazida ta’mirlash ishlari olib borilayotgani sababli yuzaga kelgan. Yong‘in haqida xabar olinganidan so‘ng voqea joyiga ko‘p sonli o‘t o‘chiruvchilar va shifokorlar yuborilgan. Yong‘in o‘chirildi”, deyiladi xabarda.

Mutaxassislar va tergovchilar yong‘in joyida ishlashni davom ettirmoqda. Turkiya Adliya vaziri Yilmaz Tunch Bosh prokuratura tergov ishlarini boshlaganini ma’lum qildi. Ayni damda hodisaga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan va voqea uchun javobgar bo‘lishi mumkin bo‘lgan besh kishi qo‘lga olingan.

O‘z navbatida, Istanbul meri Ekrem Imomo‘g‘li ta’mirlash ishlari shahar hokimiyati bilan to‘g‘ri muvofiqlashtirilmagan va zarur xavfsizlik choralariga rioya qilinmagan bo‘lishi mumkinligini istisno etmadi.

O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi jabrlanganlar va ushlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari aniqlanmaganini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Istanbul yong'in Turkiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing