Istanbuldagi portlashda jarohatlangan o‘zbekistonlik ayol reanimatsiyada qolmoqda
Olam
−
05 iyul 2023 5468 2 daqiqa
Avvalroq, Turkiyaning Istanbul shahridagi ko‘p qavatli uyning birinchi qavatidagi xonadonda portlash sodir bo‘lishi oqibatida ushbu xonadonda yashab kelayotgan o‘zbekistonlik 64 yashar Mag‘firat G‘ulomova jarohatlangani haqida xabar bergan edik. Ko‘p o‘tmay ayolning ahvoli haqida ma’lumot berildi. O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulligi bergan xabarda qaytilishicha, shifoxonaning jonlantirish bo‘limida qolmoqda.
Qayd etilishicha, portlash oqibatida Mag‘firat G‘ulomovaning tanasi ma’lum qismi kuygan.
“2023 yil 4 iyul kuni Istanbul shahri Chekmako‘y tumani Jomlik mahallasida 4 qavatli binoning 1-qavatida istiqomat qilgan uyda tabiiy gaz portlashi natijasida tanasining ma’lum qismi kuyishi oqibatida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi M.G‘ulomova Istanbul shahar shifoxonasiga olib borildi.
Bosh konsulxona tomonidan Chekmako‘y huquqni muhofaza qiluvchi organlar va shifoxona xodimlari bilan aloqa o‘rnatildi. Vatandoshimiz hozirgi vaqtda jonlantirish bo‘limida ekanligi ma’lum bo‘ldi”, deyiladi Istanbuldagi konsullik xabarida.
Portlash kecha, 4 iyul kuni soat 16:00 atrofida Istanbulning Chekmako‘y tumani Jomlik mahallasidagi ko‘p qavatli uyning birinchi qavatida sodir bo‘lgan. Qayd etilishicha, portlashga tabiiy gazning sizib chiqishi sabab bo‘lgan. Portlashdan so‘ng uyda yong‘in kelib chiqqan.
Voqea oqibatida nafaqat birinchi qavatdagi xonadonga, balki ko‘p qavatli uyga, xonadon qarshisidagi binolarga ham zarar yetgan. Xonadon derazasiga o‘rnatilgan panjara portlash zarbidan uchib, ro‘paradagi avtomobillar ustiga tushgan.