Istanbulda Blinken va Fidan muzokara o‘tkazdi
Olam
−
06 yanvar
4980Istanbulda Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan va AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken o‘rtasidagi uchrashuv boshlandi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.
Muzokaralar Vahdettin saroyida ommaviy axborot vositalari uchun yopiq tarzda olib borilmoqda. Fidan bilan uchrashuvdan so‘ng, Amerika diplomatiyasi rahbari Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an tomonidan qabul qilinishi kutilmoqda.
Diplomatik manbalardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, turk-amerika muzokaralarining asosiy kun tartibi G‘azo sektoridagi vaziyat, Turkiya parlamentida ko‘rib chiqilayotgan Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish arizasi, AQSHning Anqaraga F-16 qiruvchi samolyotlarini sotishi, turk-yunon munosabatlarini normallashtirish, shuningdek, Erdo‘g‘anning AQSHga ehtimoliy tashrifi mavzularini o‘z ichiga oladi.
Blinken o‘tgan yilning 7 oktyabr kuni Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashganidan beri mintaqa bo‘ylab to‘rtinchi bor safar qilmoqda.
Davlat kotibi Istanbuldan keyin Gretsiyaga, u yerdan esa Iordaniya, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Isroil, Falastin va Misrga boradi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 5 yanvar kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Istanbulga yetib borgandi. Uni aeroportda Turkiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Yaprak Balkan, AQSHning Anqaradagi elchisi Jeffri Fleyk, AQSHning Istanbuldagi bosh konsuli Juli Iade, Istanbul aeroporti fuqarolik boshqarmasi rahbari Ilker Haktankachmaz va boshqa rasmiylar kutib oldi.
LiveBarchasi