Istanbulda 7 qavatli bino qisman qulab tushdi (video)
Olam
−
10:39 1832 2 daqiqa
Bugun, 8 oktyabr tongida Turkiyaning Istanbul shahri Jevizli mahallasi Dog‘u ko‘chasidagi 7 qavatli bino qisman qulab tushdi. Vaziyat haqida xabar berilgach, voqea joyiga o‘t o‘chirish, Favqulodda vaziyatlarni boshqarish boshqarmasi (AFAD), Milliy tibbiy qutqaruv guruhi (UMKE), politsiya va tibbiyot guruhlari jo‘natildi. Bu haqda “TRT Haber” xabar berdi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, binodagi har qavatda 2 tadan – jami 12 ta xonadon borligi va ularda jami 33 kishi istiqomat qilishi aniqlangan. Biroq o‘pirilish vaqtida binoda qancha odam bo‘lgani hozircha aniqlanmagan. 14 yoshli bola bino vayronalari ostidan sog‘-omon qutqarib olingan va uning hayoti uchun xavf yo‘qligi ma’lum bo‘lgan. Istanbul hokimligi ushbu holat bo‘yicha bayonot berdi.
“Soat 05:40 atrofida Maltepa tumani Jevizli mahallasi Dog‘u ko‘chasida joylashgan 7 qavatli binoning uch qavatida o‘pirilish yuz berdi. Voqea joyiga AFAD, o‘t o‘chirish, tibbiyot va xavfsizlik xizmati guruhlari jo‘natildi”, deya ma’lum qildi hokimlik.
Hodisa yuzasidan Anatoliya Respublika bosh prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari boshlangan. Istanbul hokimi Dovut Gul voqea joyiga yetib borib, mutasaddilardan ma’lumot olgan.
“Ko‘ngilsizlik ortda qolgan bo‘lsin. Bu yerdagi bino 1987 yilda qurilgan. Jami 12 ta xonadon bor. Ma’lumotlarga ko‘ra, u yerda yashovchilar soni 33 kishini tashkil etadi. 4 ta xonadon shikastlangan. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu 4 ta xonadonda 14 kishi ro‘yxatda turadi. Ularda yashovchilardan 2 kishi o‘z yurtida (viloyatida) bo‘lgani aniqlandi, qolganlardan 5 kishi qutqarildi. Vayronalar ostidagi 7 kishining 4 nafari bilan aloqa o‘rnatildi. Qolgan 3 kishini qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda. Xizmatchilarimiz o‘z vazifasini bajarmoqda. Evakuatsiya qilingan fuqarolarimiz orasida hayoti xavf ostida bo‘lganlar yo‘q”, deydi Dovut Gul.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyning Sichuan provinsiyasida oilaviy tadbir vaqtida uyning bir qismi qulab tushgandi. Hodisa oqibatida 5 kishi halok bo‘lgan, 17 kishi jarohatlangan.
Live
Barchasi