Isroilning falastinliklarni ommaviy jazolashi urush jinoyatidir – BMT

Olam

image

BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Turk Isroilning HAMASga qarshi olib borayotgan harbiy harakatlari fonida barcha falastinliklarni birdek jazolayotganini urush jinoyati deb atadi. Bu haqda u Misrning G‘azo sektori bilan chegarasidagi Rafah nazorat-o‘tkazish punktiga tashrifi yakunlari bo‘yicha bergan bayonotida aytib o‘tdi.

“Bu 56 yillik Isroil istilosi va 16 yillik qamal ostida qolgan G‘azo uchun “dahshatli tush”. 7 oktyabr kuni – to‘qnashuv boshlanguniga qadar G‘azo “dunyodagi eng katta ochiq qamoqxona” edi”, deydi Folker Turk.

BMT Oliy komissari shuningdek, 7 oktyabr kuni HAMAS tomonidan amalga oshirilgan hujumlarni va Isroil fuqarolarining garovga olinishini shafqatsizlik deb atagan. U Isroilning bunga javoban G‘azo sektorini intensiv ravishda bombardimon qilishi, oqibatda tinch aholi, xususan, ayollar va bolalarning halok bo‘layotganini qattiq qoralagan. 

“Rafah nazorat punktida kirishini kutayotgan gumanitar yordam G‘azo sektoridagi barcha muhtojlarga yetkazilishi kerak. Xalqaro hamjamiyat esa vaziyatni Falastin va Isroil xalqlari uchun adolat bilan yakunlanishiga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashi lozim”, deydi u.

Bundan tashqari, Folker Turk 7 oktyabrdan beri garovga olingan barcha shaxslarni ozod qilishni talab qilgan.

Falastin-Isroil mojarosi

Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.

Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi.  9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi. 

Shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi.  Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.

Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa Isroilni Falastin xalqini qirg‘in qilishda ayblab, zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va Falastinning hududiy huquqlarini kafolatlovchi BMT rezolyutsiyalarini amalga oshirishga chaqirdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham mustaqil suveren Falastin davlatini yaratish zarurligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni AQSH siyosati muvaffaqiyatsizligining yaqqol misoli deb atadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Yaqin Sharqdagi bu mojarodan Rossiya manfaatdorligini ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

BMT Falastin-Isroil Falastin Isroil HAMAS Fol'ker Turk

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made