Isroillik milliarder Rossiyaga yuborilayotgan Eron dronlari O‘zbekistonda yig‘ilayotganini iddao qildi

Olam

image

Ukrainalik jurnalist Dmitriy Gordon va Isroilda yashovchi sobiq rossiyalik milliarder Leonid Nevzlin O‘zbekistondagi zavodda Eron bilan hamkorlikda harbiy dronlar yig‘ilayotganini iddao qildi. Bu haqda ular “Dmitriy Gordonnikida mehmonda” loyihasi doirasidagi suhbatda aytib o‘tgan.

“Isroil imkoniyat darajasida Eron Rossiyaga dron yetkazib berishiga halal berishga urinyapti. Bilishimcha, yetkazib berishdan oldingi yig‘ish joylariga zarbalar berildi. Ular chuqurroqda, Eron va Iroqda ishlab chiqariladi”, deydi Nevzlin.

U so‘zini tugatmasdan Gordon dron ishlab chiqarilayotgan davlatlar qatoriga O‘zbekistonni ham qo‘shgan. So‘ng milliarder so‘zini davom ettirgan.

“Men dronlar haqida aniq tafsilotlarini bilmayman. Lekin Iroqda va O‘zbekistonda ham bor. Iroqda tog‘larda ham Eronning harbiy zavodlari bor.

Hozir yangi, yanada zararli dronlar haqida gap boryapti. Bundan tashqari “yer-yer” tipidagi raketalarni ham yetkazib berishga urinmoqda yoki allaqachon yetkazib berilmoqda.

Yaqinda Eron armiyasining ikki harbiysi – polkovnik va general o‘ldirildi. Ular Eronda dronlarni ishlab chiqarishga aloqador bo‘lgani aytilmoqda. Bunaqa narsalar tasodifan sodir bo‘lmaydi”, deydi milliarder.

Shundan so‘ng Dmitriy Gordon Isroil Eron, Iroq va O‘zbekistondagi dronlar ishlab chiqarilayotgan va yig‘ilayotgan zavodlarga zarba berishi ehtimoli bo‘yicha savol bergan.

“Men O‘zbekiston haqida biror nima deya olmayman. Negaki u [O‘zbekiston] neytral va do‘st davlat. Men bilmayman, Isroil u yerda dron yig‘ilayotganini biladimi, umid qilamanki biladi. Ular uchun Isroil va Amerika tomonidan ultimatum qo‘yilishining o‘zi yetarli bo‘ladi. Va ular buni to‘xtatadi.

Iroq va Suriya hududlariga keladigan bo‘lsak, Isroil bu hududlarga hech shubhasiz raketa zarbalari berishga tayyor bo‘ladi. Eron hududida bo‘lmagan boshqa qurol omborlari va boshqalarga ham”, degan Nevzlin.

O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Alisher Qodirov jurnalist va milliarderning ayblovlariga munosabat bildirdi.

“Bu asossiz va mas’uliyatsiz e’lonni e’tiborsiz qoldirmaslik kerak. 

O‘zbekiston rus agressiyasini hech qanday shaklda qo‘llab-quvvatlamasligini, muzokaralar va hududiy yaxlitlikni qo‘llab-quvvatlaydigan betaraf pozitsiyasini fuqarolarimiz ham butun dunyo ham juda yaxshi tushunib bo‘ldi”, deydi Qodirov.

U O‘zbekiston tomoni, xususan, Tashqi ishlar va Mudofaa vazirliklari bunga rasmiy munosabat bildirishi zarurligini ta’kidlagan.

“Tashqi ishlar va Mudofaa vazirliklari bu tuhmatni rasman rad etishi va Gordonni uzr so‘rashga majbur qilishi kerak”, deydi deputat.

Eslatib o‘tamiz, avgust oyi oxirida “The Washington Post” gazetasi Eron Ukrainadagi urush uchun dronlarning birinchi partiyasini Rossiyaga topshirgani haqida xabar bergan edi. Ukraina Qurolli kuchlari Rossiya tomonidan Ukraina shaharlariga hujum qilish uchun Eron “Shahed” kamikadze-dronlaridan foydalangani haqida bir necha bor xabar bergan. 

17 oktyabr kuni Ukraina Tashqi ishlar vazirligi kamikadze-dron hujumlari tufayli Eronni “Rossiyaning Ukrainaga qarshi jinoyatlarida sherik” deb atadi. 

Prezident Vladimir Zelenskiy G7 davlatlarining favqulodda yig‘ilishida so‘zlagan nutqida Rossiya Tehrondan yana 4000 ta dron buyurtma qilganini aytdi. Shuning uchun u Kiyevga havo va raketa hujumiga qarshi mudofaa sohasida yordam so‘rab murojaat qildi. 

Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov “Obozrevatel” nashriga bergan intervyusida Rossiya Erondan 1750 dona hajmdagi dronlarning birinchi partiyasini buyurtma qilgani, keyin ishlab chiqarish va Rossiyaga yetkazib berish uchun vaqt talab qiladigan yangi buyurtmalar boshlangani haqida ma’lum qilgandi. 

“Ular asta-sekin ularni tugatmoqda, eronliklar yangilarini yasamoqda, ammo masalaning boshqa tomoni ham bor: biz barcha dronlarning taxminan 70 foizini doimiy ravishda urib tushiramiz”, deydi Budanov. 

Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 18 oktyabr kuni Ukrainada Rossiya qo‘shinlari Eron dronlaridan foydalangani haqida hech qanday ma’lumotga ega emasligini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

329

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing