Isroillik ko‘chmanchilar g‘arb diplomatlariga hujum qildi
Olam
−
10:04 449 2 daqiqa
Isroil bosib olgan G‘arbiy Sohilda yahudiy ko‘chmanchilar tomonidan amalga oshirilgan hujumlar chog‘ida Fransiya, Belgiya va Polsha diplomatlariga tegishli avtomobillarga tosh otildi. Bu haqda “The Times of Israel” nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea kecha, 17 oktyabr kuni G‘arbiy Sohildagi Taybeh qishlog‘ida diplomatlar zaytun hosilini yig‘ish jarayoni bilan tanishish uchun tashrif buyurgan vaqtda sodir bo‘lgan. Hodisa aks etgan videolarda diplomatik delegatsiya avtomobillaridan biriga tosh otilgani va uning oynasi sindirilganini ko‘rish mumkin.
Mahalliy OAVga ko‘ra, kun davomida G‘arbiy Sohilning turli hududlarida sodir etilgan alohida hujumlar oqibatida uch nafar falastinlik jarohatlangan. Shuningdek, ko‘chmanchilar fermalardan biriga uyushtirgan hujum vaqtida falastinliklarga tegishli 20 ga yaqin qo‘y pichoqlab o‘ldirilgani aytilmoqda.
Isroil mudofaa armiyasi diplomatlar bilan bog‘liq hujumni keskin qoralagan. Shu bilan birga, harbiylar diplomatik delegatsiya Taybehga tashrifi haqida oldindan muvofiqlashtirish o‘tkazmaganini bildirgan. Isroil politsiyasi esa hodisa yuzasidan tergov boshlagan.
Ma’lumot uchun, G‘arbiy Sohilda har yili zaytun hosilini yig‘ish mavsumida falastinliklarga qarshi ko‘chmanchilar hujumlari ko‘payishi kuzatiladi. Bu hududda bunday hujumlar muntazam sodir bo‘lib, mahalliy aholi va fermerlarning xavfsizligi yuzasidan xavotirlarni kuchaytirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil politsiyasi himoyasi ostida 1 317 nafar isroillik Quddusdagi Al-Aqso masjidi hududiga bostirib kirgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi