Isroildan O‘zbekistonga aviaqatnovlar to‘xtagani yo‘q – elchixona
Jamiyat
−
09 Oktabr 2023
4258O‘zbekiston Isroil bilan aviaqatnovlarni to‘xtatgani yo‘q. Bu haqda O‘zbekistonning Tel-Avivdagi elchixonasi ma’lum qildi.
"Hurmatli O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari! Hozirgi kunga qadar Isroildan O‘zbekistonga uchadigan avia reyslar bekor qilingani yo‘q. Ketish istagidagilar bemalol aviachipta olib uchishlari mumkin. O‘zgarishlar to‘g‘risida xabar beriladi", deyiladi elchixonaning murojaatida.
Shuningdek, diplomatik missiya Isroilda bo‘lgan vatandoshlardan bedarak yo‘qolgan, jarohatlangan O‘zbekiston fuqarolari haqida yoki boshqa ma’lumotlar to‘g‘risida konsullik bo‘limiga +972 54 485 1397 telefon raqami orqali xabar berishni so‘ragan.
Uzbekistan Airways ma’lumotlarga ko‘ra, Tel-Avivdan Toshkentga navbatdagi reyslar 10, 12 va 15 oktyabr kunlariga belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlangandi. Keyinchalik HAMAS harakati Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlaganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.
Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, mojaro qurbonlari soni 1100 ga yaqinlashdi.