Isroildan navbatdagi provokatsiya: Xavfsizlik vaziri Al-Aqsoga bordi
Olam
−
03 yanvar 2023
9074Turkiya Isroil Milliy xavfsizlik vazirligi rahbari Itamar Ben-Gvirning Quddusning Eski shaharidagi Ma’bad tog‘idagi Al-Aqso masjidi hududiga tashrifini provokatsiya deb atadi.
“Isroil politsiyasi hamrohligida Al-Aqso masjidi hududiga kirgan Ben-Gvirning provokatsion harakatlari xavotir va qoralashga sabab bo‘lmoqda. Turkiya Isroilni mas’uliyatliroq yondashishga va Quddusdagi diniy obidalar maqomini buzadigan va mintaqada keskinlik kuchayishiga olib keladigan bunday provokatsiyalarning oldini olishga chaqiradi”, deyiladi Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.
Shuningdek, Misr, Birlashgan Arab Amirliklari (BAA), Saudiya Arabistoni va boshqa arab davlatlari ham Itamar Ben-Gvirning Ma’badga tashrifini qoralab chiqdi.
“Misr Quddusdagi huquqiy va tarixiy status-kvoni buzadigan har qanday bir tomonlama choralarni rad etishini yana bir bor tasdiqlaydi”, deyiladi Misr Arab Respublikasi TIV bayonotida.
Misr Tashqi ishlar vazirligi bunday harakatlar bosib olingan Falastin hududlari va butun mintaqada xavfsizlik va barqarorlik uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi haqida ogohlantirdi va barcha tomonlarni bosiqlik va mas’uliyatni namoyon etishga hamda vaziyatni keskinlashtirishi mumkin bo‘lgan har qanday qadamlardan tiyilishga chaqirdi.
“BAA Isroil vazirining Al-Aqso masjidiga bostirib kirishini keskin qoralaydi”, deyiladi Tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vazirligi bayonotida.
Amirlik Tashqi ishlar vazirligi Isroil hukumatini keskinlikni kamaytirishga va mintaqadagi keskinlikni kuchaytiruvchi choralar ko‘rmaslikka chaqirdi.
Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligi Isroil hukumatining tinch yo‘l bilan tartibga solish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlariga putur yetkazuvchi va ziyoratgohlarga oid xalqaro tamoyillar va me’yorlarga zid bo‘lgan harakatlaridan afsusdaligini bildirdi.
Xuddi shunday bayonotlar Qatar va Quvayt Tashqi ishlar vazirliklari tomonidan ham qilingan. Islom Hamkorlik Tashkiloti ham isroillik vazirning demarshini keskin qoraladi va bu harakatlarini yahudiy davlatining Al-Aqso masjidining tarixiy va huquqiy status-kvosini o‘zgartirishga urinishi deb atadi.
“The Jerusalem Post” gazetasi avvalroq Isroil milliy xavfsizlik vaziri bugun, 3 yanvar kuni Ma’bad tog‘iga ko‘tarilgani haqida xabar bergan edi. Sobiq Bosh vazir va “Yesh Atid” partiyasi rahbari Yair Lapid Ben Gvirning bunday harakatlari Quddusda keskinlikni keltirib chiqarishi haqida ogohlantirdi. Gazetaning yozishicha, siyosatchining Ma’bad tog‘iga tashrifi Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan kelishilgan.
Itamar Ben-Gvir Ma’bad tog‘ida 13 daqiqa bo‘lgan. Ushbu tashrif davomida hech qanday hodisa qayd etilmagan. Ma’bad tog‘iga ko‘tarilgach, Ben Gvir shunday degan:
"Hukumatimiz Xamas tahdidlariga ko‘nmaydi. Ma’bad tog‘i Isroil xalqi uchun eng muhim joy. Biz musulmonlar va nasroniylar uchun uni ziyorat qilish erkinligini qo‘llab-quvvatlaymiz, lekin yahudiylar ham toqqa chiqishadi. Bizga tahdid qilganlar temir musht bilan kurashishi kerak".
Ma’lumot uchun, Quddusdagi “Al-Aqso” masjidi musulmonlarning birinchi qiblasi hisoblanadi.
Mutaassib yahudiylar ziyoratgoh shoh Sulaymon maqbarasi vayronalari o‘rnida barpo etilgan deb, masjid hududiga tez-tez bostirib kiradi.
Isroil va Iordaniya o‘rtasida 1994 yilda tuzilgan kelishuvga binoan “Al-Aqso” masjidi Quddus Islom jamg‘armalari boshqarmasi tomonidan boshqariladi.
Biroq, 2003 yildan beri yahudiylar ma’muriyat ruxsatini e’tiborga olmay, Isroilning bir tomonlama qarori bilan politsiya hamrohligida ziyoratga bostirib kirishni boshladi. Islom jamg‘armalari boshqarmasi bunday harakatlar musulmonlar suverenitetining buzilishi ekanini ta’kidlaydi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning may oyida Isroil-Falastin mojarosi keskinlashib, to‘qnashuvlar boshlangandi. 7 may kuni boshlanib, 11 kun davom etgan o‘zaro havo hujumlari natijasida G‘azo sektorida yashovchi 232 nafar arab halok bo‘lgan va 1900 ga yaqini jarohat olgan. Isroilda esa 12 nafar inson vafot etgan, yuzlab odamlar yaralangan.