Isroilda yuz minglab yahudiylar norozilik namoyishlari o‘tkazdi (video)
Olam
−
31 Oktabr 12035 2 daqiqa
Isroilda yuz minglab ultra-ortodoks yahudiylar (Isroil va xorijdagi turli ultra-pravoslav yahudiy diniy jamoalari va ularning a’zolari uchun umumiy nom) Quddus shahrida harbiy chaqiruvga qarshi norozilik bildirdi. Ommaviy norozilik namoyishi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.
OAVga ko‘ra, kecha, 30 oktyabr kuni minglab ultra-ortodoks erkaklar Quddus markaziga to‘planib, ularni armiyaga chaqirish rejalariga qarshi chiqqan. Ular qo‘shiq kuylab, qarsak chalgan va qamoqqa borishni afzal ko‘rishlarini bildiruvchi plakatlarni ko‘chalar bo‘ylab ko‘tarib yurgan.
Xabarlarga ko‘ra, Isroil Quddusga kiradigan asosiy magistralni yopib qo‘ygan va norozilik namoyishi o‘tkaziladigan joyga 2000 dan ortiq politsiya xodimlarini joylashtirgan.
Norozilik namoyishlari shahar hayotini sezilarli darajada "falaj qilgan" – yo‘llar to‘sib qo‘yilgan va jamoat transporti to‘xtatilgan.
BBC’ning xabar berishicha, namoyish “Millionlar yurishi” deb nomlangan. Isroil tashkil topganidan beri diniy maktablarda kunduzgi vaqtda tahsil olayotgan talabalar harbiy xizmatdan ozod qilingan. Biroq endi bu qonunni o‘zgartirishga harakat qilinmoqda.
Shunday qilib, Isroil aholisining taxminan 14 foizini tashkil etuvchi ultra-ortodoks jamoasining turli vakillari harbiy xizmatni kuchaytirish choralariga qarshilik tufayli birlashgan. Ular, shuningdek, so‘nggi oylarda chaqiruvdan qochgan ultra-ortodoks erkaklarning hibsga olinishi ham yoqlagan.
TASS xabariga ko‘ra, mitingda taxminan 200 000 ishtirokchi qatnashgan. Namoyishchilar va politsiya o‘rtasida ham to‘qnashuvlar yuz bergan.
Bir nechta joylarda namoyishchilar binolarning tomlariga, jumladan, bitta tugallanmagan ko‘p qavatli bino va yaqin atrofdagi qurilish kraniga ommaviy ravishda chiqqan. Oqibatda 15 yoshli namoyish ishtirokchisi katta balandlikdan yiqilib vafot etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Italiya terma jamoasining Jahon chempionati-2026 saralash bosqichidagi Isroilga qarshi o‘yini oldidan Udine shahrida Falastin tarafdorlari va politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar sodir bo‘lgandi.
Live
Barchasi