Isroilda saylov oldidan yangi yahudiy-arab partiyasi paydo bo‘ldi
Olam
−
29 iyul 2932 3 daqiqa
Isroilda tashkil etilgan yangi yahudiy-arab siyosiy partiyasi joriy yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlari oldidan yosh saylovchilarni jalb qilishga urinmoqda. Biroq tahlilchilarning fikricha, ushbu partiya ozchilik arablarning Bosh vazir Binyamin Netanyaxu va uning o‘ng qanot hukumatini hokimiyatdan chetlatish imkoniyatini yanada zaiflashtirishi mumkin. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Isroil fuqaroligiga ega, ammo kelib chiqishi falastinlik bo‘lgan arablar mamlakat aholisining taxminan beshdan bir qismini tashkil etadi. Biroq ular an’anaviy ravishda yahudiy saylovchilarga nisbatan kamroq ovoz beradi.
Qayd etilishicha, yangi “A Place for Us All” (“Hammamiz uchun joy”) partiyasi tinchlik va ijtimoiy tenglikni targ‘ib qiluvchi chap qanotdagi “Standing Together” harakati rahbarlari tomonidan tashkil etilgan. Partiya iyun oyida ish boshlagan bo‘lib, 27 oktyabrdagi parlament saylovlarida ishtirok etishni rejalashtirmoqda.
Bu 2023 yil 7 oktyabrdagi HAMAS hujumi va G‘azo urushi ortidan o‘tkaziladigan ilk umummilliy saylov bo‘ladi. Yangi partiya yahudiylar va arablar birligini targ‘ib qilish orqali mamlakat tarixidagi eng o‘ng qanot hukumatini almashtirishni maqsad qilgan.
Partiya hamrahbari Alon-Li Grinning aytishicha, ular siyosiy tizimda o‘zini chetda his qilayotgan va saylovlarda ishtirok etmayotgan yoshlarga murojaat qilmoqchi.
Isroildagi ozchilik arablar uzoq yillardan buyon o‘zlariga nisbatan ikkinchi darajali munosabat ko‘rsatilayotganidan shikoyat qilib keladi. Ular hozirgi hukumat davrida bu muammolar yanada kuchayganini ta’kidlamoqda. Jumladan, arablar yashaydigan hududlarda mablag‘ ajratish yetarli emasligi va zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlar soni rekord darajaga yetgani qayd etilmoqda.
2022 yilgi saylovlarda arab saylovchilarning atigi 53,2 foizi ovoz bergan bo‘lsa, yahudiylar o‘rtasida bu ko‘rsatkich qariyb 75 foizni tashkil etgan. Tahlilchilar fikricha, aynan shu farq Netanyaxuning yana hokimiyatga qaytishiga yordam bergan.
Hozirda to‘rtta asosiy arab partiyasi arab saylovchilar ovozini birlashtirish uchun yana ittifoq tuzishga harakat qilmoqda. Isroil qonunchiligiga ko‘ra, partiya parlamentga kirishi uchun kamida 3,25 foiz ovoz to‘plashi kerak.
Tahlilchilarning ta’kidlashicha, yangi partiya ushbu chegaradan o‘ta olmasa, arab saylovchilarining ovozlari parchalanib ketishi va ularning parlamentdagi vakilligi yanada kamayishi mumkin. Isroil Demokratiya instituti eksperti Arik Rudnitskiyning fikricha, bu kabi partiyaga berilgan har bir ovoz arab jamiyati uchun yo‘qotilgan ovozga aylanishi mumkin.
Alon-Li Grin esa partiyaning maqsadi mavjud elektoratni bo‘lish emas, balki ilgari ovoz bermagan yangi saylovchilarni jalb qilish ekanini aytgan. Shuningdek, u partiya boshqa siyosiy kuchlar bilan birlashish ehtimolini ham muhokama qilayotganini, ammo saylov to‘sig‘idan o‘ta olmasligi ma’lum bo‘lsa, saylovda ishtirok etmasligini bildirgan.
Arab siyosiy partiyalari rahbarlari esa yangi siyosiy kuchning parlamentga kirish imkoniyati past deb hisoblamoqda. Hozirda arab partiyalari Knessetdagi 120 o‘rindan 10 tasini egallab turibdi. Ular 2015 va 2020 yillarda yagona ro‘yxat orqali qatnashganida eng yuqori natijalarga erishgan edi. Biroq bu safar to‘rt partiyadan faqat uchtasi birlashishga muvaffaq bo‘lgan. Taal partiyasi rahbari Ahmad Tibiyning aytishicha, asosiy maqsad arab partiyalarini yagona ro‘yxat atrofida birlashtirish bo‘lib qolmoqda.
Live
Barchasi