Isroilda favqulodda hukumat tuzildi
Olam
−
12 Oktabr 2023
9232Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va muxolifatdagi “Davlat lageri” partiyasi rahbari Benni Gans HAMAS bilan qurolli to‘qnashuvdan besh kun o‘tib, mamlakatda favqulodda hukumat tuzishga kelishib oldi. Bu haqda Isroil ommaviy axborot vositalari tomonidan tarqatilgan bayonotda aytiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, favqulodda hukumat tarkibiga Netanyaxu va Gansning o‘zlari, shuningdek, mamlakat Mudofaa vaziri Yoav Galant kiradi.
“Davlat lageri” a’zosi va Isroil mudofaa kuchlari sobiq bosh shtabi boshlig‘i Gadi Ayzenkot va strategik ishlar vaziri Ron Dermer kuzatuvchi sifatida xizmat qiladi.
Qayd etilishicha, favqulodda hukumat harbiy harakatlarga aloqador bo‘lmagan qaror yoki qonun loyihalarini qabul qilmaydi.
Shuningdek, Netanyaxu va Gans televideniye orqali xalqqa qilgan murojaatida, ular o‘zaro kelishmovchiliklarni hozircha chetga surib qo‘yishga qaror qilganini aytishgan.
"Biz kelishmovchiliklarni chetga surib qo‘ydik, chunki mamlakatimiz taqdiri xavf ostida", deydi Netanyaxu. Gans esa Bosh vazirning gapini tasdiqlagan.
Ular g‘alaba qozonishni favqulodda hukumatning asosiy vazifasi deb atagan.
"HAMAS'ning barcha a’zolari endi o‘zlarini o‘lgan deb hisoblashi mumkin", degan Netanyaxu.
Isroil-Falastin mojarosi
Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.
Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi. 9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi.
Shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi. Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.
Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa Isroilni Falastin xalqini qirg‘in qilishda ayblab, zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va Falastinning hududiy huquqlarini kafolatlovchi BMT rezolyutsiyalarini amalga oshirishga chaqirdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham mustaqil suveren Falastin davlatini yaratish zarurligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni AQSH siyosati muvaffaqiyatsizligining yaqqol misoli deb atadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Yaqin Sharqdagi bu mojarodan Rossiya manfaatdorligini ta’kidladi.
LiveBarchasi