Isroil yana yuqori martabali ikki eronlik harbiyni yo‘q qildi
Olam
−
14 iyun 2025 9533 2 daqiqa
Kecha, 13 iyun kuni Isroil tomonidan amalga oshirilgan zarbalar oqibatida Eronning yana ikki yuqori lavozimli harbiy xizmatchisi halok bo‘ldi. Bu haqda “Mehr News” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar – Bosh shtab boshlig‘ining razvedka bo‘yicha o‘rinbosari general G‘ulomrizo Mehrobiy va operativ qo‘mondonlik boshlig‘i o‘rinbosari general Mehdi Rabboniy sanaladi.
Xabarda ta’kidlanishicha, har ikki general Eron-Iroq urushida ishtirok etgan va mamlakat harbiy qo‘mondonligida muhim lavozimlarni egallab kelgan.
Eron tomoni Isroil harakatlarini “jinoyatchi sionistik rejimning tajovuzi” deb atagan va ofitserlarning o‘limi javobsiz qolmasligini va’da qilgan.
Isroilning Eronga hujumi
Kecha, 13 iyun kuni Isroil Eronga qarshi zarba berishni boshladi va bu operatsiyani “Sherlar olami” deb nomladi. Zarba ob’ektlari sifatida Tehron, Natanz, shuningdek, Kirmonshoh va Xaramobod hududlari tanlangan. Hujumlarda harbiy bazalar, Eron havo hujumidan mudofaa tizimlari va Eron Islomiy inqilobiy gvardiyasi vakillari joylashgan turar joy majmualari nishonga olingan.
Isroil zarbalari oqibatida bir necha yuqori lavozimli harbiy xizmatchilar va yadroviy fiziklar yo‘q qilingan. Qolaversa, tinch aholi orasidan ham 60 kishi vafot etgani taxmin qilinmoqda.
Eronning Isroilga javobi
Kecha, 13 iyun kuni tundan bugun, 14 iyun tongiga o‘tar chog‘i Isroil tomonidan Eronga qarshi amalga oshirilgan keng ko‘lamli hujumlardan so‘ng, Eron Isroilga qarshi o‘z javob zarbalarini yo‘lladi. Eron harbiy kuchlari tomonidan Isroil hududiga qarata 200 dan ortiq dron va ballistik raketalar uchirilgan. Isroil Mudofaa kuchlari ushbu zarbalarni tasdiqlagan va havo mudofaa tizimlari zudlik bilan ishga tushirilgan. SAXAL rasmiy bayonotida aytilishicha, Isroil havo mudofaasi katta miqdordagi hujumchi dron va raketalarni tutib qolishga muvaffaq bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida 5 kishi halok bo‘lgan va 10 dan ortiq kishi jarohat olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil tomonidan Eronga uyushtirilgan hujum oqibatida “Al-Quds” maxsus bo‘linmasining qo‘mondoni, Islom inqilobi soqchilari korpusi generali Ismoil Qaaniy halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi.