Isroil yaqin kunlarda Rafahda amaliyot boshlaydi – Mahmud Abbos
Olam
−
28 aprel
5993Isroilning G‘azo sektori janubidagi Rafah shahridagi harbiy amaliyoti yaqin bir necha kun ichida boshlanadi. Bu haqda Falastin Prezidenti Mahmud Abbos Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan Jahon iqtisodiy forumining maxsus sessiyasi chog‘ida aytib o‘tdi.
"Bir necha kundan keyin Isroil Rafah shahrida harbiy operatsiya boshlaydi, chunki G‘azoda qolgan barcha falastinliklar u yerda to‘plangan: bitta cheklangan zarba ularning barchasini Falastin hududini tark etishga majbur qilish uchun yetarli bo‘ladi. Agar shunday bo‘ladigan bo‘lsa, qo‘shni arab davlatlari Misr va Iordaniya falastinlik qochqinlarni qabul qilishdan qat’iy bosh tortganini hisobga olsak, dunyo Falastin tarixidagi eng katta falokatga guvoh bo‘ladi", deydi Falastin Prezidenti.
Ayni damda G‘azodagi vaziyat keskin ekanini ta’kidlagan Abbos Isroil harbiylari anklav hududining kamida 75 foizini vayron qilgani, ularning harakatlari oqibatida 34 ming kishi halok bo‘lgani, ularning aksariyati ayollar, bolalar va keksalar ekanini ta’kidladi.
“Isroil bu operatsiyani HAMASdan qasos olish uchun boshlagan, ammo ayni damda uning harakatlari butun Falastin xalqiga qarshi urushga aylangan”, deydi Falastin milliy ma’muriyati rahbari.
U G‘azoda sodir bo‘layotgan voqealar Germaniyaning Ikkinchi jahon urushi davridagi jinoyatlaridan ham yomonroq deb hisoblaydigan yevropalik siyosatchilarning fikriga qo‘shilishini bildirdi.
Shu munosabat bilan Abbos G‘arbiy Sohil va G‘azo sektoridagi Falastin hududlarini yagona siyosiy tuzilmaga birlashtirish bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazishni taklif qildi. Falastin Prezidentining qo‘shimcha qilishicha, haligacha Falastin davlatining mustaqillik huquqini tan olmagan barcha davlatlar buni xuddi Isroil mustaqilligini tan olganidek qabul qilishi kerak. Abbosning ta’kidlashicha, faqat shunday asoslarda falastinliklar "Isroil tomoni bilan to‘liq va teng huquqli muloqot o‘tkazishi mumkin".
Abbos nutqining oxirida AQSHga Isroilni to‘xtata oladigan yagona davlat sifatida murojaat qilib, yahudiy davlatiga ta’sir o‘tkazishni talab qilib, uni Rafahdagi operatsiya rejalaridan voz kechishga majbur qilishga chaqirdi.
LiveBarchasi