Isroil vaziri yahudiylarni Nyu-Yorkdan ketishga chaqirdi
Olam
−
06 noyabr 2025 9202 2 daqiqa
Isroilning diaspora va antisemitizmga qarshi kurash ishlari bo‘yicha vaziri Amixay Shikli Nyu-Yorkda 34 yoshli musulmon-demokrat Zohran Mamdani mer etib saylangandan so‘ng, shaharda yashovchi yahudiylarni Isroilga qaytishga chaqirdi.
“Bir zamonlar umumiy erkinlik ramzi bo‘lgan shahar hokimiyat kalitini HAMAS tarafdoriga topshirdi. Uning qarashlari 25 yil avval 3 ming Nyu-Yorklikni o‘ldirgan jihodchi fanatiklarnikidan unchalik farq qilmaydi”, deb yozdi Shikli 5 noyabr kuni o‘zining X tarmog‘idagi sahifasida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “Nyu-York endi hech qachon avvalgidek bo‘lmaydi, ayniqsa uning yahudiy jamoasi uchun”. Shuning uchun, vazirning fikricha, “ular Isroilni yangi uylari sifatida ko‘rib chiqish haqida jiddiy o‘ylab ko‘rishlari kerak”.
“Nyu-York ochiq ko‘z bilan London cho‘kib ketgan jarlikka qarab ketyapti”, deb yozdi Shikli.
Nyu-Yorkda taxminan 1,3 million yahudiy yashaydi – bu Isroildan tashqaridagi eng yirik yahudiy jamoadir. Mamdani esa Isroil hukumatini aparteid rejimi deb atagan va G‘azodagi urushni genotsid deb baholagan. Shu bilan birga, u HAMAS haqida ochiq fikr bildirmagan.
Shiklining fikrini Isroilning milliy xavfsizlik vaziri va o‘ta o‘ngchi “Yahudiy kuch” partiyasi rahbari Itamar Ben-Gvir ham qo‘llab-quvvatladi.
“Antisemitizm sog‘lom aql ustidan g‘alaba qozondi. Mamdani – HAMAS tarafdori, Isroil dushmani va qattiq antisemit”, dedi u.
Shahar merligi saylovlari 4 noyabr kuni bo‘lib o‘tdi. Deyarli 98% ovozlar sanab chiqilgandan so‘ng, Demokratik partiya va “Ishchi oilalar partiyasi”dan nomzod Zohran Mamdani 50,4% ovoz bilan g‘alaba qozondi. Ikkinchi o‘rinda 41,6% ovoz bilan mustaqil nomzod Endryu Kuomo qoldi – uning nomzodini AQSH Prezidenti Donald Tramp qo‘llab-quvvatlagan edi. Tramp shahar mablag‘larini qisqartirish bilan tahdid qilgan holda Kuomoga ovoz berishni so‘ragan.
Kuomo 2011–2021 yillarda Nyu-York gubernatori bo‘lgan, ammo jinsiy tajovuz ta’qiblar bilan bog‘liq ayblovlardan so‘ng iste’fo bergan va keyinchalik praymerizda Mamdaniga yutqazgan.
Tramp Mamdaniyni “kommunist” deb atagan va uning g‘oyalari shaharga zarar yetkazishini da’vo qilgan. Mamdani o‘z dasturida uy ijara narxlarini muzlatish, shahar avtobuslarida bepul yo‘lovchi tashish, umumiy maktabgacha ta’lim tizimini joriy etish va munitsipal oziq-ovqat do‘konlari tarmog‘ini ochishni taklif qilgan. Bu loyihalarni u boylar va yirik kompaniyalarga soliqlarni oshirish orqali moliyalashtirishni rejalashtirgan.
Live
Barchasi