Isroil va Livan o‘t ochishni to‘xtatish rejimini uzaytirdi

Olam

image

Isroil va Livan o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish rejimi 18 fevralgacha uzaytirildi. Bu haqda Oq uy bayonot e’lon qildi.

Unga ko‘ra, ikki mamlakat rasmiylari otashkesimni joriy yilning 18 fevraliga qadar uzaytirishga kelishib olgan. Bayonotda, shuningdek, Livan, Isroil va AQSH hukumati 2023 yil 7 oktyabrdan keyin qo‘lga olingan livanlik mahbuslarni qaytarish bo‘yicha muzokaralarni boshlash niyatida ekani ta’kidlangan.

2024 yil 27 noyabrda kuchga kirgan Livan va Isroil o‘rtasidagi sulh shartlariga ko‘ra, Isroil tomoni o‘z qo‘shinlarini Livan janubidan 60 kun ichida, ya’ni 2025 yil 27 yanvargacha olib chiqib ketishi kerak edi. Ammo joriy yil 24 yanvarda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu devoni qo‘shinlarni chiqarish muddati tugagandan keyin ham davom ettirilishini ma’lum qildi. Isroil bu qarorni Livan tomoni bitim shartlarini to‘liq bajarmagani bilan izohladi.

Sulh bitimiga ko‘ra, Livan armiyasi BMTning Livandagi vaqtinchalik kuchlari (UNIFIL) ko‘magida mamlakat janubiy chegarasi bo‘ylab joylashtirilishi lozim. Shuningdek, “Hizbulloh” qurolli tuzilmalari o‘z kuchlarini Litani daryosidan ortga olib chiqishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Livanning “Hizbulloh” harakati va Isroil o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv muddati uzaytirilishi mumkinligi xabar qilingandi. Livan, Isroil va Fransiya rasmiylariga ko‘ra, “Hizbulloh” va Isroil sulh shartlarini to‘liq amalga oshirish uchun ko‘proq vaqtga muhtoj va harbiy harakatlarni qayta boshlash niyati yo‘q.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Isroil Livan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing