Isroil va Eron endi o‘zaro zarbalar almashmaydi – CNN 

Olam

image

Isroil va Eron bir-biriga qarshi yangi o‘zaro zarbalar berish niyatida emas. Bu haqda ikki davlatdan birining razvedka xizmatlaridagi manbasiga tayanib, CNN xabar berdi

Telekanal suhbatdoshining ta’kidlashicha, "bir qator hujumlar tugagan". Yahudiy davlatining hujumiga javoban Eronning Isroilga hujumi kutilmaydi.

Eron va Isroil ziddiyatining keskinlashuvi

1 aprel kuni Isroil Damashqdagi Eron konsulligi binosiga havo hujumi uyushtirdi. Hujum oqibatida Eron inqilobi qo‘riqchilari korpusining 7 nafar a’zosi halok bo‘ldi, ulardan ikki nafari general darajasida edi.

Eron Isroilning konsullikka hujumi o‘z hududiga qilingan hujum ekanini va u o‘ch olishini aytdi.

Isroil ham Eron hujumlariga javob berishini e’lon qildi.

14 aprelga o‘tar kechasi Eron Isroilga yuzlab kamikadze dronlari, ballistik va qanotli raketalar bilan hujum uyushtirdi va ba’zi harbiy nishonlarga zarba berilganini aytdi.

Isroil hujumlarning aksariyati havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan to‘xtatilganini bildirdi, biroq bitta raketa mamlakat janubidagi harbiy bazaga tegdi.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 19 aprel kuni ertalab Amerikaning ABC telekanali AQSH rasmiysiga tayanib, Isroil Eron hududidagi ob’ektga raketa zarbasi bergani haqida xabar berdi. CNN amerikalik mulozimga tayanib, bu hujum Isroilning 14 apreldagi Eron hujumiga javobi bo‘lganini ta’kidladi.  

Eron matbuotida esa mamlakat shaharlariga hech bir davlat tomonidan hujum qilinmagani haqida xabar berildi. Eron Milliy kiberkosmik markazi vakili Husayn Daliryan X’dagi sahifasida Isfahon shahri osmonida urib tushirilgan uchuvchisiz samolyotlar respublika hududidan uchirilganini yozdi. Eron armiyasi qo‘mondoni general-leytenant Abdulrahim Musaviy Isfahon osmonida eshitilgan portlash havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlarining noma’lum ob’ektlarga qarshi ishlashi natijasida sodir bo‘lganini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing